Toshkentda talaba qizga sevgi izhor qilgan universitet o‘qituvchisi uch sutkaga qamaldi

Toshkentda talaba qizga bir necha bor sevgi izhor qilib, uni uchrashuvga taklif qilgan universitet o‘qituvchisi uch sutkaga qamaldi. Bu haqda “Daryo” sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1993-yilda tug‘ilgan O.E. ismli shaxs nodavlat universitetlardan birida axborot texnologiyalari fanidan dars bergan. 2026-yilning yanvar oyida u talaba qizlardan biriga bir necha marta sevgi izhor qilgan va uni uchrashuvga hamda “chegarasiz do‘stlik”ka taklif etgan. Qiz uning takliflarini rad etgan.
Qizning ko‘rsatmasiga ko‘ra, shundan so‘ng o‘qituvchining unga bo‘lgan munosabati o‘zgargan. “Dars beradigan fani bo‘yicha yakuniy nazorat imtihonida meni yiqitish maqsadida 40 ball o‘rniga 38 ball qo‘ydi”, degan qiz.
Ushbu holat yuzasidan qiz 20-iyun kuni ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. O‘tkazilgan tekshiruvlar davomida o‘qituvchi tushuntirish xatida talabaga sevgi izhor qilganini va uni “chegarasiz do‘stlik”ka taklif etganini tasdiqlagan.
Sud majlisida O.E. aybiga iqrorligini, haqiqatan sevgi izhor qilganini, biroq unga nisbatan hech qanday shahvoniy harakatlar sodir etmaganini bildirgan. Bundan tashqari, holatdan so‘ng ishdan bo‘shatilganini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi O.E.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga nisbatan uch sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan.
Avvalroq Sirdaryo viloyatida 10-sinf o‘quvchisiga Telegram orqali xabarlar yuborib, uchrashuvga chaqirgan va shahvoniy shilqimlik qilgan maktab maslahatchisi besh sutkaga qamalgani haqida xabar berilgan edi. Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalaridan birida talaba yigit kursdosh qizga shilqimlik qilgani uchun jarimaga tortilgandi.

