Toshkentda noqonuniy 50 mln dollarlik kriptovalyuta aylanmasini amalga oshirganlar aniqlandi
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda

Toshkentda 50 million dollarlik noqonuniy kriptovalyuta aylanmasi fosh etildi.
Narkotik va psixotrop moddalar hamda kriptoaktivlarning noqonuniy savdosi bilan bog‘liq jinoyat ishi ochildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda "HST", "VEK" va "RBMT" MChJ mansabdor shaxslari va boshqalar Telegram ijtimoiy tarmog‘ida narkotik va psixotrop moddalarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanuvchi xalqaro "TESLA SHOP" guruhiga tegishli 58 ta Telegram bot orqali sotilgan narkotik va psixotrop vositalari uchun kelib tushgan 20,9 milliard so‘m mablag‘ni 14 nafar xorijiy fuqaro nomiga O‘zbekiston banklarida ochilgan 90 ta soxta (drop-) kartaga, 8 milliard so‘mini Paynet faoliyati bilan shug‘ullanuvchi "HST" va "VEK" MChJlarga hamda 4,7 milliard so‘mini "CP" kripto-do‘koniga o‘tkazib, keyinchalik ushbu va boshqa mablag‘larni jamiyatlarning hisob raqamlariga o‘tkazganliklari aniqlandi.
Ular aholiga 621,2 milliard so‘mlik "Paynet" xizmatlarini ko‘rsatib, 90,3 milliard so‘mlik soliq to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlaganliklari, shuningdek, ushbu faoliyatdan orttirilgan mablag‘lar hisobidan 50,5 million AQSh dollari miqdorida noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasini amalga oshirib, shundan 2,4 million AQSh dollari miqdoridagi kriptoaktivlarni 14 nafar chet el fuqarosining valyuta hisob raqamlariga o‘tkazib, jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni legallashtirganliklari ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

