Mahalliy

Toshkentda 11 million dollarlik kriptoaktivlar noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Toshkentda qiymati qariyb 11 mln dollar bo‘lgan kriptoaktivlarning noqonuniy aylanmasi fosh etildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Toshkentda 11 million dollarlik kriptoaktivlarning noqonuniy aylanmasiga barham berildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «Xavfsiz va sog‘lom yurt» oyligi doirasida o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qiymati 10 million 976 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan kriptoaktivlarning noqonuniy aylanmasi aniqlangan. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati ma'lum qildi.

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Samarqand viloyatida tug‘ilgan va Toshkentda yashovchi 20 yoshli shaxs jinoiy yo‘l bilan olingan mablag‘larni kriptoaktivlarga aylantirib kelgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, u shu yo‘l bilan mablag‘larning kelib chiqish manbasini, haqiqiy egalarini va moliyaviy oqimlar harakatini yashirishga harakat qilgan.

Gumonlanuvchining vaqtinchalik yashash joyida o‘tkazilgan tekshiruvda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan 24 ta mobil telefon, 20 ta bank plastik kartasi, noutbuk va Wi-Fi router musodara qilingan. Ushbu ashyolar ish bo‘yicha dalil sifatida e'tirof etilgan.

Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining kriptoaktivlar muomalasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 278-8-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

kriptoaktivlarnoqonuniy aylanmajinoyat ishimoliyaviy oqimlarsamarqandjinoyat kodeksihuquqni muhofaza qilishtoshkent