Mahalliy

Toshkentda anomal issiq tufayli yerusti metrosi tezligi pasaytiriladi

15-iyuldan anomal issiq sababli yerusti metro poyezdlari tezligi soat 18:00 gacha 40 km/soatgacha kamaytiriladi. Bu cheklov tufayli poyezdlar kelishi oralig‘i 14 daqiqagacha uzayishi mumkin. Yerosti yo‘nalishlari odatdagi tartibda ishlaydi.

Toshkentda anomal issiq sababli yerusti metrosining harakat tezligi pasaytiriladi. 15-iyuldan boshlab, yerusti yo‘nalishlarida harakatlanayotgan metro poyezdlarining tezligi har kuni soat 18:00 ga qadar 60 km/soatdan 40 km/soatgacha vaqtincha cheklanadi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK ma’lum qildi.

“Yurtimizda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sharoiti va metro poyezdlari harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida, yerusti yo‘nalishidagi temiryo‘l relslarining harorati belgilangan me’yoriy ko‘rsatkichdan (+55 daraja) yuqori darajada qizib ketayotgani inobatga olindi”, — deyiladi metropoliten xabarida.

Shuningdek, mazkur vaqtinchalik cheklov poyezdlar harakat intervaliga ham qisman ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli, yo‘nalishda metro poyezdlarning kelish vaqti 14 daqiqagacha uzayishi kutilmoqda.

Ushbu cheklov faqat yerusti yo‘nalishlarida harakatlanuvchi metro poyezdlarga nisbatan qo‘llaniladi va yerosti metro yo‘nalishlariga tatbiq etilmaydi, deya aniqlik kiritdi idora.

temiryo‘ltoshkentxavfsizlikanomal issiqob-havometroharakat tezligicheklov