Toshkentda 1330 quti kontrafakt dori aniqlandi
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Rossiyadan noqonuniy olib kelingan 29 turdagi 1330 quti kontrafakt dori vositalari aniqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, musodara qilingan mahsulotlarning qiymati qariyb 600 million so‘mni tashkil etadi.

Toshkentda 1330 quti soxta dori vositalari topildi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida kontrafakt dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtning Yangihayot tumanida yashovchi, 1963-yilda tug‘ilgan fuqaro hamda uning ikki farzandiga tegishli Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi uchta xonadon tekshirildi.
Tekshiruvlar natijasida ushbu manzillardan "Buserelin", "Volini", "Bikana", "Tirzetta" va boshqa nomdagi jami 29 turdagi 1330 quti soxta dori vositalari topilib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, musodara qilingan dori vositalarining umumiy qiymati taxminan 600 million so‘mni tashkil etadi.
Tergovga qadar surishtiruv jarayonida aniqlanishicha, ushbu shaxslar dori vositalarini Rossiyadan yo‘lovchilar orqali, kichik partiyalarda temir yo‘l va havo transporti yordamida noqonuniy olib kelib, Toshkent shahrida sotish bilan shug‘ullangan.
Hozirda aniqlangan dori vositalari yuzasidan ekspertiza tayinlangan bo‘lib, surishtiruv ishlari davom etmoqda.

