Mahalliy

Toshkent viloyati va Boshqirdiston hamkorlikni kengaytiradi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov boshchiligida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Toshkent viloyati va Boshqirdiston hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki hudud o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda Toshkent viloyati va Boshqirdiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori asosida umumiy qiymati 235,7 million AQSH dollari bo‘lgan 7 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilayotgani, ushbu loyihalar hududlar iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda minglab yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga xizmat qilishi qayd etildi. Shuningdek, Bekobod texnoparkini rivojlantirish va uning faoliyatini yanada jadallashtirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar muhokama markazida bo‘ldi.

Muloqot davomida qo‘shma sanoat korxonalarini tashkil etish, investitsiya loyihalarini jadallashtirish, savdo aloqalarini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, turizm va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, istiqboldagi qo‘shma tashabbuslar, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda ikki hudud o‘rtasidagi sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida mavjud loyihalar ijrosini jadallashtirish, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash hamda Toshkent viloyati va Boshqirdiston o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.

boshqirdistonsanoathamkorlikqishloq xo‘jaligitoshkent viloyatiiqtisodiyotsavdoinvestitsiya