Toshkent hokimligi “Qo‘yliq avenue” mojarosi yuzasidan munosabat bildirdi: qurilish ishlarining 53 foizi yakunlangan

Toshkent shahar hokimligi Sergeli tumanidagi “Qo‘yliq avenue” turar joy majmuasi qurilishi bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi. Hokimlikning ma’lum qilishicha, qurilish ishlari 53 foizga yakunlangan va quruvchi kompaniya tez orada fuqarolar oldidagi majburiyatlarini bajarish bo‘yicha aniq jadvalni taqdim etishi lozim.
Gap “Original Lyuks Servis” MCHJ tomonidan Sergeli tumani Qo‘shqo‘rg‘on mahallasi Beshkent ko‘chasi 46A-uy manzilida qurilayotgan majmua haqida bormoqda. Avvalroq “Daryo” nashri ushbu loyiha bo‘yicha surishtiruv e’lon qilgan edi. Unda 500 dan ortiq fuqaro quruvchi bilan shartnoma tuzganiga qaramay, xonadonlar belgilangan muddatda topshirilmagani, shuningdek, kompaniya mansabdorlariga nisbatan firibgarlik va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan.
Hokimlik xabariga ko‘ra, fuqarolarning murojaatlaridan so‘ng Toshkent shahar hokimi topshirig‘i bilan loyiha hujjatlari va qurilish jarayoni o‘rganilib, xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida 13 051 kvadrat metr yer maydoni quruvchiga 2021-yilda ijara asosida ajratilgani aniqlangan. Qurilish uchun ruxsatnoma 2022-yil oktyabr oyida olingan, Arxitektura-shaharsozlik kengashi ishchi organining xulosasi 2023-yil sentyabrda berilgan, ishchi loyiha hujjatlari esa 2024-yil iyul oyida hududiy qurilish nazorati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Shu bilan birga, hokimlik fuqarolar bilan quruvchi o‘rtasida tuzilgan shartnomalarda taraf emasligini ta’kidladi. Qayd etilishicha, qurilish va kvartiralarni topshirish muddatlariga rioya etish, to‘langan mablag‘larni qaytarish, zararlarni qoplash hamda boshqa majburiyatlarga oid masalalar fuqarolik-huquqiy munosabatlar hisoblanadi va qonunchilikda belgilangan tartibda, jumladan, sud orqali hal etiladi.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, vaziyatning ijtimoiy ahamiyati va fuqarolarning ko‘plab murojaatlari inobatga olinib, uy-joy xaridorlari, quruvchi kompaniya rahbariyati, prokuratura, davlat qurilish nazorati organlari hamda boshqa mutasaddi idoralar ishtirokida uchrashuv o‘tkazilgan. O‘rganishlar natijasida obyekt qurilishining taxminan 53 foizi bajarilgani aniqlangan. Uchrashuvda xaridorlar qurilishning yakunlanish muddati, loyihaning moliyalashtirish manbalari, kompaniyaning kredit va garov majburiyatlari hamda mavjud cheklovlar yuzasidan savollarni ko‘targan.
Yakunda quruvchi kompaniya yaqin vaqt ichida qurilish bosqichlari, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va kvartiralarni topshirish muddatlarini o‘z ichiga olgan aniq jadvalni taqdim etish majburiyatini olgan. Ushbu jadval xaridorlar tanishishi uchun qurilish maydoniga joylashtirilishi rejalashtirilgan.
Hokimlikning bildirishicha, masala uy-joy xaridorlari, quruvchi, bank, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa mas’ul idoralar ishtirokidagi navbatdagi yig‘ilishda yana ko‘rib chiqiladi. Unda moliyalashtirish manbalari va fuqarolar oldidagi majburiyatlarni bajarish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan ma’lumot berilishi kutilmoqda. Shuningdek, vaziyat shahar hokimining shaxsiy nazoratida ekani ma’lum qilindi.
Idora ruxsat beruvchi va loyiha hujjatlarining mavjudligi quruvchining fuqarolar oldidagi shartnoma majburiyatlarini bajarganini anglatmasligini ta’kidlab, uy-joy sotib olayotgan fuqarolarga shartnoma shartlari, quruvchining moliyaviy holati, ishbilarmonlik obro‘si va avvalgi loyihalarini sinchiklab o‘rganishni tavsiya etdi.

