To‘rtta imperiyani qulatgan muhoraba – Birinchi jahon urushi qanday boshlangandi?
Bundan 112 yil avval, 1914 yil yozda Yevropada dunyo xaritasini o‘zgartirib yuborgan urush boshlanadi. Ko‘p o‘tmay urush Afrika va Osiyoning bir qismiga tarqalib, jahon urushiga aylanadi. Imperalistlar boshlagan urush oqibatda to‘rt yirik imperiya qulashiga olib keladi.

**To‘rtta imperiyani qulatgan muhoraba: Birinchi jahon urushi qanday boshlangandi?**
Tarixda ko‘plab urushlar bo‘lgan bo‘lsa-da, Birinchi jahon urushi kabi dunyo miqyosida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lgani kamdan-kam uchraydi. Bu urushni haqli ravishda "urushlar onasi" deb atash mumkin. Ko‘pchilik tomonidan ko‘proq muhokama qilinadigan Ikkinchi jahon urushi ham aslida Birinchi jahon urushining davomi edi. Bu ulkan qirg‘inbarot birgina serb yigitining otgan o‘qidan keyin boshlanib ketadi.
1914-yil 28-iyun kuni Bosniyaning Sarayevo shahrida Avstriya-Vengriya imperiyasi valiahdi ersgersog Frans Ferdinand Gavrilo Prinsip ismli serb yigiti tomonidan otib o‘ldiriladi. Bu voqea urushning boshlanish nuqtasi bo‘ldi, ammo o‘sha paytda Yevropa allaqachon urushga tayyorlanayotgan edi. Frans Ferdinand o‘ldirilmaganda ham, katta ehtimol bilan boshqa bir bahona topilib, millionlab insonlarning boshiga yetgan bu mash’um urush baribir sodir bo‘lardi.
**Urushdan avvalgi vaziyat**
XX asr boshlarida Yevropada atigi 25 ta mustaqil davlat mavjud edi. Qit’aning asosiy qismi to‘rtta imperiya – Rossiya, Germaniya, Avstriya-Vengriya va Usmoniylar imperiyasi tarkibiga kirardi. Xususan, Sharqiy Yevropaning asosiy qismidan tashqari Polsha, Finlandiya va Boltiqbo‘yidagi Estoniya, Latviya hamda Litva Rossiya imperiyasi tarkibida edi.
Bolqon yarimorolidagi katta hududda turklar, Vengriya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya hamda Polshaning bir qismida Avstriya hukmronlik qilardi. Bu imperiyalar anchadan buyon zimdan raqobatlashib kelardi.
Bu raqobat 1871-yilda Germaniya imperiya deb e’lon qilinishi ortidan boshlanadi. 1870-1871-yillarda Germaniya hamda Fransiya o‘rtasida qisqa muddatli urush bo‘lib o‘tadi va unda fransuzlar mag‘lubiyatga uchraydi. Shundan so‘ng har ikki davlat o‘ziga ittifoqchilar qidira boshlaydi.
1873-yilda Germaniya, Avstriya-Vengriya va Rossiya "Uch imperator ittifoqi" deb nomlangan ittifoqqa birlashadi. Ko‘p o‘tmay Bolqon yarimorolida Avstriya-Vengriya va Rossiya imperiyalari manfaatlari to‘qnash kelib, Rossiya ikki nemis davlati bilan tuzilgan ittifoqdan chiqib ketadi.
Shundan so‘ng Germaniya va Avstriya-Vengriya o‘z ittifoqiga Afrikada Fransiya bilan raqobatlashayotgan Italiyani qo‘shib oladi. Bu harbiy blok "Uchlar ittifoqi" deb nomlanadi. Keyinchalik ularning yoniga Usmoniylar imperiyasi va Bolgariya ham qo‘shiladi. Fransiya esa ruslar bilan muzokara boshlab, 1891-yilda Rossiya-Fransiya ittifoqi yuzaga keladi. 1904-yilga kelib ularga Britaniya qo‘shilib, "Antanta" ittifoqi tashkil topadi.
**Start tugmasi**
1914-yil 28-iyun kuni Avstriya-Vengriya valiahdi Frans Ferdinand Bosniyadagi Ilidji shahridan poyezdda Sarayevo shahri tomon yo‘lga chiqadi. Uni xos askarlari qo‘riqlab boradi. Shu kuni Sarayevoda Bosniyaning Avstriya-Vengriya imperiyasi tarkibiga qo‘shilganining olti yilligi tantanalari bo‘lib o‘tishi lozim edi. Temiryo‘l vokzalida ersgersogni yuqori lavozimli shaxslar kutib oladi va ular oltita mashinadan iborat kortejga chiqishadi.
Frans Ferdinand rafiqasi Sofiya bilan usti ochiq mashinaga o‘tiradi. Ular yo‘lda ketayotganida serb millatchilaridan bo‘lgan yigit ersgersog o‘tirgan mashina tomonga granata uloqtiradi. Portlovchi qurilma valiahd va uning xotiniga ziyon yetkazmaydi. Ersgersog mashinani to‘xtatib, yaradorlarga yordam ko‘rsatishni buyuradi. Kortej yo‘lida davom etib, shahar meriyasi joylashgan Ratusha binosiga boradi. U yerda Frans Ferdinand va shahar meri nutq so‘zlaydi. Tadbirdan so‘ng kortej keyingi manzil tomon yo‘l oladi.
Serb millatchilarining yana bir vakili 19 yoshli Gavrilo Prinsip kortejni yo‘lda kutib turardi. Ersgersog o‘tirgan mashina Gavriloning ro‘parasiga kelganda u avval Frans Ferdinandga, so‘ng uning xotiniga o‘q uzadi. Ersgersog va Sofiya og‘ir yaralanib, jon beradi.
Gavrilo Prinsip darhol qo‘lga olinadi. Sud Avstriya-Vengriya imperiyasi qonunlariga ko‘ra voyaga yetmagan hisoblanuvchi 19 yoshli Gavriloga qamoq jazosi beradi. U 1918-yilda qamoqxonada vafot etadi.
Serb yigit valiahdni nega o‘ldirgani tushunarli. Gap shundaki, Bosniya aholisining asosiy qismini serblar tashkil qilar, ular Avstriya-Vengriya imperiyasi bosib olishidan avval Serbiya qirolligi tarkibida edi. 28-iyun serblar uchun muhim sana edi, shu kuni 1389-yilda turklar bilan sodir bo‘lgan urush qahramonlarini yod etardi. Frans Ferdinandning Bosniya egallab olinganini 28-iyun kuni Sarayevoga kelib bayram qilishi serb millatchilarini g‘azablantiradi.
Qolaversa, aynan Avstriya-Vengriya imperiyasi tomonidan Serbiya tarkibidagi Bosniyaning bosib olinishi har ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni sovuqlashtirgandi.
**Urushning boshlanishi**
Frans Ferdinand o‘ldirilgandan qariyb bir oy o‘tgach, 23-iyul kuni Avstriya-Vengriya imperiyasi Serbiyaga turli talab va shartlar qo‘yilgan o‘nta moddadan iborat nota jo‘natadi. Unda imperiya valiahdining o‘limini taftish qilish uchun Avstriya politsiyasining surishtiruv olib borishiga ruxsat berish, Serbiyada Avstriya-Vengriya imperiyasiga qarshi targ‘ibotlarni to‘xtatish, targ‘ibotlarda qatnashgan harbiylar va amaldor shaxslarni xizmatdan chetlatish kabi talablar ham bor edi. Notada serblarga javob berish uchun 48 soat muhlat beriladi.
25-iyul kuni Serbiya bosh vaziri Avstriya-Vengriya imperiyasining Belgraddagi elchisiga shartlarning ba’zisiga roziligi, ba’zilarini umuman qabul qilib bo‘lmasligini bildiradi. O‘sha kunning o‘zida Avstriya-Vengriya imperiyasi qo‘shinlarini jangovar holatga keltirib, Belgraddan o‘z elchilarini chaqirib oladi. Amalda bu urushning boshlanishi edi. 26-iyul kuni Serbiya ham umumiy safarbarlik e’lon qiladi.
Voqealarni diqqat bilan kuzatib turgan Rossiya imperiyasi ham Serbiya ortidan safarbarlik e’lon qiladi va qo‘shinlarni mamlakat g‘arbiy qismiga ko‘chira boshlaydi.
28-iyul kuni Avstriya-Vengriya Serbiyaga urush e’lon qilib, armiya Serbiyaga bostirib kiradi. 29-iyul kuni Rossiya imperatori Nikolay II Germaniya imperatori Vilgelm II'ga telegramma jo‘natadi. Unda urush barcha uchun halokatli kechishi va shu sababli tomonlar Avstriya-Vengriya imperatorini bosiqlikka chaqirishi lozimligi ta’kidlangandi. Biroq nemislar bu telegrammani e’tiborsiz qoldiradi.
30-iyulda Germaniya armiyasi bosh qo‘mondoni fon Moltke Avstriya-Vengriya imperiyasi bosh qo‘mondoniga Avstriya-Vengriya Rossiyaga qarshi urush boshlaydigan bo‘lsa, Germaniya ittifoqchisini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qiladi. 1-avgust kuni Germaniya ham o‘z qo‘shinlarini jangovar holatga keltiradi va o‘sha kuni kechga borib Rossiyaga qarshi urush e’lon qiladi. Shu tariqa Birinchi jahon urushi boshlandi.
2-avgust kuni Fransiyada ham umumiy safarbarlik e’lon qilinadi. Bunga javoban o‘sha kuni nemis qo‘shinlari Lyuksemburgni bosib oladi. 3-avgust kuni Germaniya Fransiyaga ham urush e’lon qiladi. Ertasi kuni nemislar Belgiyaga bostirib kiradi. Ana shu holatda Buyuk Britaniya Germaniyaga Belgiya neytraliteti haqida ogohlantirish xati yuboradi. Javob bo‘lmagach, Germaniyaga urush e’lon qildi.
Voqealar rivojida 6-avgust kuni Avstriya-Vengriya Rossiyaga, 11–12-avgust kunlari Fransiya va Angliya Avstriya-Vengriya imperiyasiga qarshi urush e’lon qiladi. Shu tariqa Yevropa urush olovi ichida qoladi.
**"Uchlar ittifoqi"ning yengilishi va urush oqibatlari**
Birinchi jahon urushi to‘rt yil davom etadi va 1918-yil 11-noyabrda Germaniya, Avstriya-Vengriya, Usmoniylar imperiyasi va Bolgariyadan iborat "To‘rtlar ittifoqi" mag‘lubiyati bilan tugaydi.
1919-yil iyun oyida Versalda Germaniya bilan, shuningdek, keyinroq turli sanalarda "To‘rtlar ittifoqi"ning boshqa a’zolari bilan ham alohida sulh shartnomalari imzolanadi. Sulhda tomonlar Yevropani qayta taqsimlaydi va mag‘lublarga tovon pullarini to‘lash majburiyati qo‘yiladi.
Rossiya bu urushdan biroz avval, 1918-yil mart oyida chiqadi. 1917-yilda sodir bo‘lgan ikkita davlat to‘ntarishidan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan bolsheviklar urushni davom ettira olmasligini tushunib yetadi. So‘ng Germaniya va Avstriya-Vengriya bilan sulh tuzadi.
Birinchi jahon urushida jami 38 ta davlat qatnashadi. Ularning 30 dan ortig‘i "Antanta" ittifoqi tomonida turib urushadi. Keyinchalik nomi "Uchlar ittifoqi"dan "To‘rtlar ittifoqi"ga o‘zgargan harbiy blok tarkibida esa Germaniya, Avstriya-Vengriya, Usmoniylar imperiyasi va Bolgariya bo‘lgan.
Eron, Meksika, Efiopiya kabi bir nechta davlat ularni ma’lum vaqt qo‘llagan. 1915-yilgacha shu ittifoq tarkibida bo‘lgan Italiya o‘sha yili "Antanta" tomonga o‘tib ketadi. Urush asosan Yevropada, qisman Afrika va Osiyoda bo‘lib o‘tadi. O‘sha paytda urush kechgan hududlarda jami 1,5 milliard aholi yashardi.
Urushga jalb qilingan va harbiy harakatlarda qatnashgan odamlar soni 70 million kishidan oshadi. Eng katta yo‘qotish Germaniya va Rossiyada bo‘ladi. Nemislar 2 milliondan oshiq, ruslar 1,8 milliondan oshiq (ba’zi manbalarda 2,2 milliondan oshiq) askaridan ayriladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy hisobda bu urushda turli davlatlarning 10 million atrofida harbiy xizmatchisi halok bo‘ladi, 55 milliongacha odam yaralangan. Juda ko‘p jasadlar aniqlanmagani, u paytlar hisob-kitob ham risoladagidek bo‘lmagani inobatga olinsa, qurbonlar va yaradorlar soni ancha ko‘p bo‘lgani aniq.
Shuningdek, harbiy harakatlar davomida va urush tufayli yuz bergan ocharchilik, turli yuqumli kasalliklar tarqalishi va boshqa sabablar bilan 20 million atrofida tinch aholi vakillari halok bo‘ladi.
**Urushdan so‘ng Yevropadagi geosiyosiy vaziyat**
Urush natijasida ikki katta imperiya – Rossiya va Germaniyada inqilob bo‘lib, boshqaruv o‘zgaradi. Yana ikki imperiya – Avstriya-Vengriya va Usmonli saltanati parchalanib ketdi.
Mag‘lubiyatning eng og‘ir yuki Germaniya gardaniga tushadi. Inqilobdan so‘ng 1919-yilda bu davlatda respublika tuzumi e’lon qilinadi. 1919-yildagi Versal shartnomasiga ko‘ra, Germaniya urush tufayli o‘zining qariyb 15 foiz hududidan va ko‘plab mustamlakalaridan ayriladi.
Jumladan, Elzas va Lotaringiya viloyatlari Fransiya boshqaruviga o‘tadi. Poznan, Yuqori Sileziya, Pomeraniya va Sharqiy Prussiya Polshaga qo‘shib beriladi. Natijada, urushgacha Boltiq dengiziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqolmagan Polsha ushbu dengizda ham o‘z hududlariga ega bo‘ladi.
Eypen, Malmedi va Moreno okruglari Belgiyaga, Shlezvig okrugining shimoliy qismi Daniyaga beriladi. Memel (Klaypeda) okrugi 1923-yilda Litvaga berildi. Dansig (Gdansk) erkin shahar deb e’lon qilinadi va keyinchalik Polshaga qo‘shiladi.
Shuningdek, Germaniya o‘zining boshqa qit’alardagi mustamlakalaridan ham ajraladi. Jumladan, Karolina, Mariana va Marshall orollari hamda Tinch okeanidagi boshqa yana bir nechta orol Yaponiyaga beriladi. Janubiy-g‘arbiy Afrika va Tanzaniyani Buyuk Britaniya, Kamerun hamda Togoni Fransiya tortib oladi. Burundi va Ruanda Belgiyaga beriladi.
Bundan tashqari, 1921-yilda urush zararlari hisoblab chiqilgach, g‘oliblar Germaniyaga 132 milliard oltin marka tovon to‘lash majburiyatini qo‘yadi. Kelishuvga ko‘ra tovon pulining 52 foizi Fransiyaga, 22 foizi Buyuk Britaniyaga, 10 foizi Italiyaga, qolgan 16 foiz mablag‘ boshqa mamlakatlarga to‘lab berilishi belgilanadi. Tovon pullarining oxirgi qismini Germaniya federal banki 2010-yil 4-oktyabrda to‘lab beradi.
Rossiya amalda 1917-yil oktyabrda sodir bo‘lgan inqilobdan so‘ng urushdan chiqqani uchun ittifoqchilar mag‘lub davlatlardan undiriladigan tovon pulidan ruslarga hissa ajratmaydi.
Avstriya-Vengriya ham urushgacha ko‘plab mamlakatlarni qo‘l ostida majburan ushlab turgan katta bir imperiya edi. Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Polsha va Ruminiyaning bir qismi, Bosniya, Sloveniya, Xorvatiya va ko‘plab boshqa katta-kichik hududlar imperiya tarkibida edi.
Urushdan so‘ng imperiya parchalangach, chexlar va slovaklar mustaqil Chexoslovakiya davlatiga aylanadi. Vengriya va Avstriya alohida bo‘ladi. Shuningdek, urushgacha Avstriyaga tegishli bo‘lgan bir qator hududlar Italiya, Chexoslovakiya, Ruminiya va Polshaga olib beriladi.
Urushdan so‘ng Yevropaning bir qator mamlakatlari Germaniya va Avstriya-Vengriya imperiyalari tomonida turib urishgan Usmonli saltanatiga hujum qiladi. Yevropa davlatlarining birlashgan qo‘shinini yenggan Mustafo Kamol Otaturk yangi Turkiya asoschisiga aylanadi.
1923-yilda imzolangan Lozanna shartnomasi Usmonli saltanatini amalda yiqitadi. Mamlakat katta hududlaridan ayriladi. Jumladan Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq, Arabiston yarimorolidagi yerlaridan ayriladi.
Misr, Falastin, Arabiston yarimoroli, Iordaniya, Iroq Buyuk Britaniya qo‘l ostiga o‘tadi. Suriya va Livan Fransiya mustamlakasiga aylanadi. Egey dengizidagi ko‘plab orollar: Lemnos, Samotraki, Lesbos, Xios, Samos, Ikariya Gretsiyaga beriladi.
Birinchi jahon urushida Germaniya va Avstriya-Vengriya tomonida turib urushgan yana bir mamlakat – Bolgariya ham ancha hududidan ayriladi va urush g‘oliblariga 2,25 milliard oltin frank miqdorida tovon puli to‘laydi. G‘arbiy Frakiya Gretsiyaga o‘tadi. Janubiy Dobrudja Ruminiyaga, Makedoniyaning bir qismi Serb qirolligiga beriladi.
Rossiyada imperiya qulashi tufayli Polsha, Finlandiya, Litva, Latviya, Estoniya ruslar boshqaruvidan qutulib, mustaqil davlatlarga aylanadi.
Umuman olganda, mislsiz vayronagarchiliklar va bir necha o‘n million qurbonlar bo‘lishiga qaramasdan, odamzod o‘sha urushdan yetarli xulosa chiqarmadi va oradan 25 yil o‘tib yana jahon urushini boshladi…

