“Tolibon” yetakchisi to‘rtta sohada soliq imtiyozi e’lon qildi

“Tolibon” rahbari to‘rtta sohada soliq imtiyozlarini e’lon qildi
Afg‘onistonning “Tolibon” hukumati rahbari to‘rtta asosiy sohada soliq yukini kamaytirish bo‘yicha qarorni tasdiqladi. Rasmiylar bu qadamning maqsadi investitsiyalarni jalb qilish, iqtisodiy faollikni oshirish va fuqarolar hamda xususiy sektorning moliyaviy yukini yengillashtirish ekanligini ta’kidladi. Bu haqda TOLOnews xabar berdi.
Yangi choralarni e’lon qilish marosimida bosh vazirning ma’muriy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Salom Hanafiy ishtirok etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, soliq imtiyozlari yuridik shaxslar, jismoniy shaxslar, mulkni rasmiylashtirish va yonilg‘i (neft va gaz) importiga taalluqlidir.
Soliq stavkalari qanday o‘zgardi?
Yangi qarorga ko‘ra, soliq tizimida quyidagi o‘zgarishlar kiritilmoqda:
Konchilik kompaniyalaridan tashqari barcha yuridik shaxslar, jumladan, xususiy shifoxonalar va korxonalar uchun daromad solig‘i 10 foizgacha kamaytirildi. Avval bu stavka 20 foizni tashkil etgan.
Jismoniy shaxslar uchun soliq olinmaydigan yillik daromad miqdori ikki barobarga oshirildi. Avval 60 ming afg‘oniy bo‘lgan bu ko‘rsatkich 120 ming afg‘oniyga (taxminan 1 800 dollar) yetkazildi. Endilikda yiliga 120 ming afg‘oniygacha daromad topadigan fuqarolar soliq to‘lamaydi.
Neft va gaz importi uchun soliq har bir metrik tonna uchun 100 afg‘oniydan 50 afg‘oniyga tushirildi. Ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish (oldi-sotdi) solig‘i 1 foizdan 0,5 foizga kamaytirildi.
Mablag‘lar qayerga sarflanadi?
Moliya vaziri Muhammad Nosir Oxundning ma’lum qilishicha, “Tolibon” hokimiyatga qaytganidan buyon mamlakatda jami 13 marta soliq imtiyozlari joriy etilgan. “Siz bugun to‘layotgan soliqlar Islom amirligining mudofaa, xavfsizlik, razvedka va davlatning odatiy xarajatlarini moliyalashtirishga sarflanmoqda”, dedi moliya vaziri.
Tadbirda sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy ham so‘zga chiqdi. U xususiy sektor va investorlarni soliqlarni shaffof to‘lashga va soliqdan qochmaslikka chaqirdi. Islom amirligi rasmiylari ushbu yangi imtiyozlarni Afg‘onistonda biznes muhitini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish yo‘lidagi muhim qadam deb baholamoqda. Avvalroq “Tolibon” ayolining kiyimi sabab uning erini hibsga olgani haqida xabar berilgandi.

