Iqtisodiyot

Tojikiston qo‘shni davlatlardan uch baravar ko‘p yonilg‘i sotib oldi — OAV

Tojikiston qo‘shni davlatlardan uch baravar ko‘p yoqilg‘i sotib oldi — OAV

"The Moscow Times" nashrining Reuters ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, Tojikiston iyul oyida Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan iyunga nisbatan uch baravar ko‘p yoqilg‘i import qilgan. Mintaqadagi qo‘shnilardan xarid qilingan umumiy hajm 34 ming tonnani tashkil etdi.

Tojikiston Rossiyadan yetkazib berish hajmi qisqargani sababli qo‘shni davlatlardan yoqilg‘i xaridini oshirgan. Bu holat Ukrainaning neftni qayta ishlash zavodlariga (NQIZ) dron hujumlari fonida Rossiyada yuzaga kelgan yoqilg‘i inqirozi bilan bog‘liq.

Reuters manbalarining baholashicha, iyul oyida Rossiyadan Tojikistonga benzin yetkazib berish iyun oyiga nisbatan ikki baravarga — 14 ming tonnagacha, dizel yoqilg‘isi esa 2 foizga — 30 ming tonnagacha kamaygan. Aviakerosin esa umuman yetkazib berilmagan. Shu bilan birga, Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan benzin xaridi iyulda 8,4 ming tonnadan 13,8 ming tonnagacha, dizel yoqilg‘isi 2,4 ming tonnadan 17,6 ming tonnagacha, aviakerosin esa 316 tonnadan 2,5 ming tonnagacha oshgan.

Tojikiston Transport vazirligi 6-avgust kuni hukumat yoqilg‘i yetkazib berishning muqobil manbalarini izlayotganini tasdiqladi. Asosiy e’tibor Qozog‘istonga qaratilmoqda. Shuningdek, Xitoy, Turkmaniston, Eron va Belarus bilan ham muzokaralar olib borilmoqda. Vazirlik yoqilg‘i inqiroziga "Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlar" sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Yetkazib berishdagi uzilishlar fonida mamlakatda AI-92 markali benzinning chakana narxi avgust oyi boshida litri uchun 12–12,5 somonigacha (15-16 ming so‘m) ko‘tarildi, vaholanki iyun oyi boshida bu ko‘rsatkich 11–11,2 somoni edi. Dizel yoqilg‘isi esa 16–18,5 somonigacha (taxminan 21-24 ming so‘m) qimmatlashgan.

Rossiyadan yetkazib berish hajmining kamayishi tufayli yuzaga kelgan yoqilg‘i inqiroziga Tojikistondan tashqari boshqa davlatlar ham duch keldi. Qirg‘iziston O‘zbekistondan oyiga 20 ming tonna neft mahsulotlari yetkazib berishni so‘radi, shuningdek, qo‘shimcha xaridlar bo‘yicha Belarus, Xitoy, Ozarbayjon va Turkiya bilan muzokaralarni davom ettirmoqda. Yoqilg‘i importida 95 foiz Rossiyaga bog‘liq bo‘lgan Mo‘g‘ulistonda esa haydovchilarga benzin sotishga qat’iy cheklovlar joriy etildi. Ukraina Rossiyadagi nominal neftni qayta ishlash quvvatlarining deyarli yarmini (45 foiz) va amaldagi quvvatlarining uchdan birini (33 foiz) ishdan chiqarishga erishdi.

yonilg'i importinarxlartojikistonmarkaziy osiyorossiyaukrainayonilg‘i inqiroziqirg‘iziston