Telegram t.me domeni yana ishga tushdi.
Telegram’dagi qisqa havolalar uzilishiga AQSh Moliya vazirligi talablari sabab bo‘lgani aytildi..

Telegram t.me domeni yana faoliyat ko‘rsatishni boshladi. Telegram’dagi qisqa havolalarning ishlamasligi AQSh Moliya vazirligi talablariga bog‘liq ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Chernogoriyaning .me domeni egalari Telegram asoschisi Pavel Durovga messenjerdagi qisqa havolalarning nega ishlamay qolganini tushuntirib berdi. Ularning akkaunti Durovning X ijtimoiy tarmog‘idagi postiga javob berdi.
Durov avvalroq domen nomi egalaridan t.me qisqa havolalaridagi muammoni aniqlashni so‘ragan edi. U ijtimoiy tarmoqda: «Ey, @domainME, t.me havolasi ishlamay qoldi. Shu masalani ko‘rib chiqa olasizlarmi?» deb yozdi.
Unga javob berildi: «Sabringiz uchun rahmat! t.me ishi OFAC talablariga rioya etish maqsadida to‘xtatilgan edi, lekin hozirda servis yana faoliyat ko‘rsatmoqda».
OFAC (ingl. Office of Foreign Assets Control — Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi) AQSh Moliya vazirligining bo‘linmasi bo‘lib, xorijiy yurisdiksiyalar va rejimlarga, shuningdek, AQSh hukumati tomonidan noqonuniy faoliyat olib borayotgan va mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid solayotgan jismoniy va yuridik shaxslarga qarshi iqtisodiy sanksiyalar joriy etadi.
Bir kun avval brauzerda kanallar, postlar va profillarga olib o‘tuvchi havolalar ochilmay qolgan edi. «Kod Durova» portali muammoni serverHold holati bilan bog‘lagan, bu holat tufayli domen DNS tizimidan chiqarib yuboriladi.
TechCrunch nashrining mutaxassisi Jon Aragonga tayanib yozilishicha, t.me faoliyati AQSh Moliya vazirligi tomonidan hakerlar tovlamachilik dasturlari yordamida hujumlar uyushtirishda foydalanayotgan VPN-provayderiga qarshi sanksiya joriy etilgan kuniyoq to‘xtatilgan. SDN ro‘yxatida messenjerdagi kanalga havola ham mavjud. Ehtimol, domen registratori sanksiyalarga rioya qilish maqsadida Telegram’ga tegishli bo‘lgan butun t.me domenining faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan, deb yozadi nashr.

