Siyosat

Tayvan 2027-yilda mudofaa xarajatlarini 16 foizga oshiradi

Tayvan 2027-yilga borib mudofaa xarajatlarini 16 foizga oshirishni rejalashtirmoqda, bu esa mamlakat mudofaa byudjetini birinchi marta 1 trillion Tayvan dollaridan (31 milliard AQSH dollari) oshiradi. Bu haqda Reuters agentligi Tayvanning rasmiy Central News Agency ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Tayvan Vazirlar Mahkamasi 20-avgust kuni 2027-yil uchun 1,1 trillion Tayvan dollaridan ortiq mudofaa byudjetini taqdim etishni ko‘zda tutmoqda. Ushbu mablag‘lar qirg‘oq qo‘riqlash xizmati, faxriy harbiylar va maxsus loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Yakuniy raqamlar Vazirlar Mahkamasining so‘nggi yig‘ilishidan so‘ng e’lon qilinadi. Yangi byudjet, joriy yildagidek, Tayvan yalpi ichki mahsulotining 3 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

**Xitoy tahdidi kuchaymoqda**

Tayvan mudofaa xarajatlarini oshirish qarorini Xitoyning orolga nisbatan harbiy va siyosiy bosimini kuchaytirayotgani fonida qabul qilmoqda. Pekin demokratik boshqaruvdagi Tayvanni o‘z hududining bir qismi deb hisoblaydi, Taypey esa bu da’voni qat’iyan rad etib, orolning kelajagini faqat Tayvan xalqi belgilashi mumkinligini ta’kidlaydi.

Xitoy harbiylari Tayvan atrofida deyarli har kuni operatsiyalar o‘tkazadi va muntazam ravishda yirik harbiy mashg‘ulotlar tashkil etadi. So‘nggi yillarda Pekin o‘z qurolli kuchlarini jadal modernizatsiya qilib, yangi aviatashuvchilar, "stels" qiruvchi samolyotlar va raketa tizimlarini ishlab chiqarmoqda. 2026-yil mart oyida Xitoy joriy yil uchun mudofaa xarajatlarini 7 foizga oshirib, 1,91 trillion yuanga (taxminan 283 milliard dollar) yetkazishini ma’lum qilgan.

Pekin Tayvan prezidenti Lay Ching-teni "ayirmachi" deb ataydi va u bilan muloqot qilishdan bosh tortmoqda. Lay esa Tayvanning kelajagi bo‘yicha qarorni faqat orol aholisi qabul qilishi mumkinligini aytadi.

**AQSH Tayvanni ko‘proq mablag‘ sarflashga chaqirmoqda**

Tayvan mudofaa xarajatlarini oshirish borasida AQSHning bosimiga ham duch kelmoqda. Vashington ittifoqchilardan o‘z mudofaasiga ko‘proq mablag‘ ajratishni talab qilmoqda.

Tayvan prezidenti Lay Ching-te mamlakat harbiy salohiyatini kuchaytirish siyosatini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Tayvan hukumati so‘nggi yillarda harbiy modernizatsiyani asosiy siyosiy yo‘nalishlardan biriga aylantirgan. Jumladan, mamlakat o‘zida suvosti kemalarini ishlab chiqarishni rivojlantirmoqda.

**Tayvanda yirik harbiy mashg‘ulotlar davom etmoqda**

Ayni paytda Tayvanda har yili o‘tkaziladigan Han Kuang harbiy mashg‘ulotlari davom etmoqda. Lay Ching-te 9-avgust kuni Tayvanning shimolidagi Tayuan shahrida mashg‘ulotlarni kuzatdi. U har bir mashg‘ulot harbiylarning tajribasini oshirib, ularda yanada katta ishonch hosil qilishini ta’kidladi. "Tinchlik davridagi har bir puxta tayyorgarlik mamlakatimiz uchun barqarorlik va kuchni yanada oshiradi", — dedi Tayvan prezidenti.

Shuningdek, Tayvanning sharqiy sohilida harbiylar yadroviy, biologik va kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlarda kimyoviy qurol qo‘llangan holat ssenariysi modellashtirildi. Harbiylar, tanklar va zirhli texnikalar zararsizlantirildi. Mashg‘ulotlardan maqsad bunday hujum sodir bo‘lgan taqdirda tezkor javob qaytarish hamda harbiy xizmatchilar va texnikalarni imkon qadar tez frontga qaytarish qobiliyatini sinashdan iborat bo‘ldi.

tayvanmudofaa xarajatlarixitoy tahdidiharbiy byudjetaqsh bosimiharbiy modernizatsiyahan kuang mashg'ulotlarilay ching-te