“Tansoqchi”: Gollivudning eng yaxshi melodramalaridan birining kadr ortida qolib ketgan voqealari

**"Tansoqchi": Gollivudning eng yaxshi melodramalaridan birining kadr ortida qolib ketgan voqealari**
"Tansoqchi" filmi suratga olinganiga 30 yil to'ldi. Hali ham minglab insonlar uni zavq bilan tomosha qilmoqda, uning saundtreklari esa XX asrning eng ko'p sotilgan 50 albomi ro'yxatiga kiritilgan. Biroq, suratga olish maydonchasida aslida nima bo'lganini kamdan-kam odam biladi.
**Ssenariy film suratga olinishidan deyarli 20 yil oldin yozilgan**
"Tansoqchi" filmining ssenariysi o'tgan asrning 70-yillari boshlarida, tomoshabinlar kartinani ko'rishidan yigirma yil avval yozilgan. Bu mashhur asar muallifi Lourens Kezdanning birinchi ssenariysi bo'lib, u keyinchalik "Yulduzlar jangi" va "Indiana Jons"ning bir nechta epizodlarini yozgan. "Tansoqchi"ning qahramonlari dastlab aktyor Stiv MakKuin va qo'shiqchi Dayana Ross bo'lishi kerak edi, ammo keyinchalik tomoshabinlar qahramonlarning "millatlararo" romantikasini qabul qilmaydi degan xavotir tufayli loyiha to'xtatilgan. 1979-yilda Rayan O’Nilga "Tansoqchi" roli taklif qilingan, ammo Dayana Ross bilan bo'lgan keskinlik tufayli u ham filmni rad etgan. Keyin loyiha deyarli unutilgan, toki bir kun kelib Kevin Kostner unga qiziqib qolmaguncha. U filmning hammuallifi bo'lishni va unda bosh rolni o'ynashni xohlagan.
**Madonna va Janet Jekson Reychel roliga ariza bergan**
Xonanda Reychel Marron roli uchun uzoq vaqt davomida munosib aktrisa topa olishmagan. Kostner rolni Uitni Xyustonga berishni talab qilgan, ammo xonandaning o'zi uzoq vaqt suratga tushishga rozi bo'lmagan. Birinchidan, u kinoda ishlash tajribasiga ega emasdi, shuning uchun oxirida bir nechta sahnalarni kesib tashlashga to'g'ri kelgan. Ikkinchidan, u o'z fe'l-atvorini juda injiq deb hisoblagan. Kevin Kostner Uitnining suratga tushishga roziligini ikki yil kutishiga to'g'ri kelgan va qo'shiqchiga filmni suratga olishda unga har tomonlama yordam berishga va'da bergan. "Men senga va'da beraman, yiqilishingga yo'l qo'ymayman. Men senga yordam beraman. Va u yordam berdi", deydi keyinchalik Xyuston.
**Elvis Presli "I will always love you" qo'shig'ini ijro etishni orzu qilgan**
Uitni Xyuston butun dunyoga mashhur qilgan "I will always love you" qo'shig'i film chiqishidan ancha oldin Dolli Parton tomonidan bastalangan. 1974-yilda Elvis Presli qo'shiqqa bo'lgan huquqlarni olishga harakat qilgan, ammo Dolli xonanda uni "vayron qiladi" deb o'ylab, rozi bo'lmagan. "Tansoqchi" chiqqandan so'ng "I will always love you" qo'shig'i Amerikadagi to'ylarda eng mashhur qo'shiqqa aylangan, Angliyada esa dafn marosimlarida ham tez-tez foydalanilgan. Qo'shiq muallifi Dolli Parton gonorardan 6 million dollarga yaqin daromad olgan. Albatta, Uitni Xyuston tomonidan ijro etilgan xitning soul-versiyasi o'ziga xos bo'lib tuyuladi, ammo kompozitsiyani tanlash va kartinaning yakuniy finalida yangrashi – Kevin Kostnerning xizmatidir.
**"Cho'qintirgan ota" Reychelning uyida suratga olingan**
Bosh qahramon ssenariy bo'yicha yashagan hashamatli saroyda bir vaqtlar "Cho'qintirgan ota" filmining sahnalari tasvirga olingan. Hashamatli uyda 28 ta yotoqxona, 38 ta hammom, ikki qavatli kutubxona va go'zal bog' mavjud.
**Uitni ko'p ishlashi tufayli bolasini yo'qotadi**
Film ustida ish qizg'in ketayotganida, suratga olishni bir necha haftaga to'xtatib qo'yishga to'g'ri kelgan. Yaqinda Bobbi Braun bilan unashtirilgan Uitnining filmga suratga tushish chog'ida homilasi nobud bo'ladi. "Bu ham jismonan, ham ruhan og'riqli edi, – deydi u keyinchalik. – Lekin ertasi kuniyoq sahnaga qaytdim". Filmni suratga olish tugagach, Xyuston va Braun turmush quradi va bir muncha vaqt o'tgach, xonanda Bobbi Kristina Braun ismli qizni dunyoga keltiradi.
**Tanqidchilar bu filmni kino tarixidagi eng yomon film deb ataydi**
Premyeradan so'ng tanqidchilar filmni tanqid qilib, "Tansoqchi"ni kino tarixidagi eng omadsiz deb ataydi. Xyuston ham, Kostner ham "Oltin malina" nominatsiyasiga nomzod bo'ladi, qo'shiqchi oxir-oqibat eng yomon aktrisa deb topiladi. Ammo tomoshabinlar tanqidchilarning fikrlariga ahamiyat bermaydi va film birinchi raqamli xitga aylanadi. 25 million dollarlik kamtarona budjetga ega bo'lgan kartinaning daromadi AQSHda 120 milliondan ziyod, dunyo bo'ylab esa 400 milliondan oshadi. 10 yil oldin, 2012-yil 11-fevralda afsonaviy qo'shiqchi kokain dozasini oshirib yuborishi oqibatida vafot etadi. U Beverli Xilton mehmonxonasining hammomida hushidan ketib, cho'kib ketgan. Ma'muriyat qarori bilan fojia sodir bo'lgan xona hozirda ijaraga berilmaydi. Xonandaning dafn marosimida Kevin Kostner "Tansoqchi"dagi roli haqida nutq so'zlaydi: "Kartina aynan uning uchun atalgandek edi. Uning rolini o'ynay oladigan aktrisalar ko'p edi, ammo men Uitniga ishondim, u Reychel Marronni o'ynagan yagona odam". Uitni Xyuston vafotidan to'rt yil o'tgach, uning yagona qizi Bobbi Kristina ham olti oylik komadan keyin vafot etadi. U giyohvand vositalar va spirtli ichimlikdan vannada cho'kib o'ladi.
**Malika Diana "Tansoqchi 2" filmida bosh rolni o'ynashni orzu qilgan**
2012-yilda Kevin Kostner jurnalistlarga malika Diana "Tansoqchi" filmining davomida o'ynashni xohlaganini aytadi. Kostnerning so'zlariga ko'ra, uning qahramoni, soqchi bo'lgan sobiq maxfiy agenti, malikani xatarli muxlislardan va hatto tajovuzkor paparatssilardan himoya qilishi kerak edi. Natijada xuddi birinchi filmdagidek, ular o'rtasida sevgi hikoyasi paydo bo'ladi. Kostner Dianaga Uitni kabi unga g'amxo'rlik qilishini va'da qiladi. Malika avtohalokatda vafot etishidan bir kun oldin Kevin Kostner ssenariyning qoralama nusxasini oladi.

