Layfstayl

Kinoda ham, musiqada ham muvaffaqiyat qozongan Gollivud yulduzlari (video)

**Kinoda ham, musiqada ham muvaffaqiyat qozongan Gollivud yulduzlari (video)**

Gollivud kinosining ilk davrlarida aktyorlarning musiqiy qobiliyatga ega bo‘lishi odatiy hol edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu ikki yo‘nalishni birdek olib boruvchi ijodkorlar kamayib ketdi. So‘nggi yillarda myuzikl janridagi filmlarning qayta ommalashuvi tufayli vokal ma’lumotlariga ega aktyorlarga talab ortmoqda. Quyida qo‘shiq kuylash mahorati bilan ham tanilgan kino yulduzlari haqida ma’lumot beriladi.

**Rayan Gosling**

Foto: “Kino.mail.ru”

Aktyor Rayan Goslingning kuylash qobiliyatiga ega ekanligi ko‘pchilikka rejissyor Demiyen Shazellning “La-La Lend” filmidan keyin ma’lum bo‘ldi.

Gosling musiqiy iqtidorini bolaligidanoq namoyon eta boshlagan. U dastlab Kanadadagi mahalliy tanlovlarda qatnashgan, keyinchalik esa Disney Channel telekanalining “Mikki Maus klubi” bolalar shousiga qabul qilingan. Ushbu ko‘rsatuvda u taniqli xonandalar Britni Spirs va Jastin Timberleyk bilan birga faoliyat yuritgan.

Gosling professional musiqachi bo‘lmasada, “La-La Lend” filmida vokal va raqs sahnalarini o‘zi ijro etgan. Ushbu kartina aktyorga faoliyatidagi birinchi “Oskar” mukofotini taqdim etgan. Keyinchalik u “Barbi” filmida Ken rolini o‘ynab, o‘zi ijro etgan “I’m just Ken” qo‘shig‘i bilan ijtimoiy tarmoqlarda ommalashdi.

**Skarlett Yohansson**

Foto: “Kino.mail.ru”

“Qasoskorlar”, “Xavfli nuqta” va “Tarjima qiyinchiliklari” kabi filmlar orqali tanilgan aktrisa Skarlett Yohansson ijodiy faoliyati davomida qo‘shiq ham kuylagan.

Tomoshabinlar uning musiqiy ijrosini ilk bor 2013-yilda, rejissyor Spayk Jonsning “U” filmidagi “The Moon Song” qo‘shig‘ida eshitishgan. Shuningdek, u “Kuyla” multfilmidagi Esh ismli qahramonga ovoz berib, bir nechta saundtreklarni ijro etgan.

Yohanssonning hisobida ikkita to‘liq studiyaviy albom bor. Uning 2008-yilda chiqqan “Anywhere I Lay My Head” nomli debyut albomi asosan Tom Veyts qo‘shiqlarining kaver versiyalaridan iborat bo‘lib, unda rok yulduzi Devid Boui ham bek-vokalchi sifatida ishtirok etgan. 2009-yilda u Pit Yorn bilan duet tarzida “Break Up” nomli ikkinchi albomini taqdim etgan.

**Hyu Lori**

Foto: “Kino.mail.ru”

“Doktor Haus” serialidagi shifokor roli bilan mashhur bo‘lgan aktyor Hyu Lori professional darajada blyuz ijrochisi hisoblanadi. U aktyorlik bilan birga musiqiy karyerasini ham muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ya olgan.

Lori bolaligidan musiqa bilan shug‘ullangan bo‘lib, fortepiano, gitara, baraban, saksofon va lab garmoshkasini chalishni biladi. 2006-yilda u televizion aktyorlardan tashkil topgan “Band From TV” rok-guruhiga a’zo bo‘lgan. Guruh ijro etgan kompozitsiyalardan biri “Doktor Haus” serialida saundtrek sifatida ham ishlatilgan.

2011-yilda aktyor o‘zining “Let Them Talk” debyut albomini chiqardi va u Buyuk Britaniya hamda AQSH musiqiy chartlarining yuqori o‘ntaligiga kirdi. O‘zining ikkinchi — “Didn’t It Rain” (2013) albomi bilan u musiqashunoslar tomonidan sozanda va xonanda sifatida e’tirof etildi.

**Hyu Jekman**

Foto: “Kino.mail.ru”

Aktyor Hyu Jekman tomoshabinlarga asosan jangari filmlardagi, xususan, “Rosomaxa” obrazi orqali tanish bo‘lsada, u mukammal vokal ma’lumotlariga ega. Shuningdek, u gitara, fortepiano va skripka chalishni o‘zlashtirgan.

Jekman o‘zining musiqiy qobiliyatini Tom Xuperning “Xo‘rlanganlar” film-myuziklida Jan Valjan rolini ijro etish jarayonida ko‘rsatgan. Mazkur roli uchun aktyor “Oltin globus” mukofotini qo‘lga kiritgan va “Oskar” nominatsiyasiga loyiq ko‘rilgan.

Aslida Jekman o‘z faoliyatini Avstraliya va Brodveydagi myuzikllardan boshlagan. “Oz o‘lkasidan kelgan bola” spektaklidagi ishtiroki uchun u teatr yo‘nalishidagi nufuzli “Toni” mukofoti bilan taqdirlangan. Aktyor, shuningdek, “Buyuk shoumen” musiqiy filmida ham bosh rolni o‘ynagan va qo‘shiqlar ijro etgan.

**Jeki Chan**

Foto: “Kino.mail.ru”

Kino olamida 100 dan ortiq filmlarda suratga tushgan va tryuklarni o‘zi ijro etishi bilan tanilgan Jeki Channing musiqiy albomlari soni 20 taga yetadi.

Aktyor 6 yoshida Gonkongdagi Pekin operasi maktabiga o‘qishga bora boshlagan va musiqiy savodxonlikni o‘sha yerda o‘rgangan. U 1980-yillardan boshlab o‘zi suratga tushgan “Politsiya voqeasi”, “Men kimman?” va “Mo‘jizaviy aslahalar” kabi filmlarga saundtreklar yozishni boshlagan. Kris Taker bilan birga ishlagan “Tig‘iz vaqt” trilogiyasida ham uning ijrosidagi qo‘shiqlar yangragan.

1984-yilda uning kanton shevasidagi “Love Me” debyut albomi Osiyo davlatlarida ommalashdi. Keyinchalik u mandarin, yapon va ingliz tillarida ham qo‘shiqlar yozdi. Jeki Chan o‘z kliplarida qo‘shiq ijrosini murakkab akrobatik harakatlar bilan birga olib boradi. Uning musiqiy faoliyatidagi eng yirik chiqishi 2008-yilgi Pekin Olimpiadasining ochilish marosimida “We are ready” qo‘shig‘ini jonli ijro etgani bo‘lgan.

aktyorlarhollywood yulduzlarimusiqiy iste'dodqo'shiqchilarrayan goslingskarlett yohanssonhyu lorihyu jekman