Tailand maktabida otishma: o‘quvchi dastlab bobo-buvisini o‘ldirgan

Tailandda maktab o‘quvchisi tomonidan sodir etilgan otishma natijasida jami yetti kishi halok bo‘ldi. Hujumdan avval o‘smir o‘z uyida bobo-buvisini otib o‘ldirgan. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Voqea 7-avgust kuni sodir bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning besh nafari Debsirin Nonthaburi maktabi qurbonlari bo‘lib, o‘smir hujumdan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan. Tailand politsiyasi bu hodisani 2022-yildan buyon mamlakatdagi eng dahshatli ommaviy qotillik deb baholamoqda.
**Tafsilotlar**
O‘smir hujumda bobosiga tegishli quroldan foydalangan va maktabda kamida 26 marta o‘t ochgan. Uning qurolidan yana 34 ta o‘q topilgan. Hujum natijasida jami 23 kishi yaralangan. Ta’lim vaziri Prasert Jantararuangtong qurbonlar orasida o‘quvchilar ham borligini ma’lum qildi. Otishmaga nima sabab bo‘lgani hozircha aniqlanmoqda.
Debsirin maktabiga 1885-yilda Tailand qiroli Chulalongkorn tomonidan asos solingan. Bu ta’lim muassasasini ko‘plab taniqli shaxslar, jumladan, diplomatlar, sportchilar va bir necha bosh vazir bitirgan. 2025-o‘quv yilida maktabda qariyb 3100 nafar o‘quvchi va 147 nafar o‘qituvchi ta’lim olgan.
**Tailanddagi ommaviy otishmalar tarixi**
Tailandning yaqin tarixidagi eng dahshatli ommaviy qotillik 2022-yilda sodir bo‘lgan. O‘shanda ishdan bo‘shatilgan sobiq politsiyachi uch soat davomida qurol va pichoq bilan hujum uyushtirib, 36 kishini o‘ldirgan. Uning qurbonlari orasida o‘z xotini, o‘g‘li va bolalar bog‘chasida uxlayotgan 22 nafar bola ham bo‘lgan.
2020-yilda esa bir askar Nakhon Ratchasima shahridagi savdo markazida otishma uyushtirib, 29 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. 2025-yil iyul oyida qurollangan shaxs Bangkok bozorlaridan birida besh kishini, jumladan, qo‘riqchilar va bir sotuvchini o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qilgan.
2023-yilda 14 yoshli o‘smir Bangkokdagi savdo markazida ikki kishini o‘ldirib, besh kishini yaralagan. U jinoyat vaqtida internet orqali xarid qilingan to‘pponchadan foydalangan.
**Qurol nazoratini kuchaytirish choralari**
2023-yildagi otishmadan so‘ng o‘sha vaqtda ichki ishlar vaziri bo‘lgan Anutin qurol nazoratini kuchaytirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni joriy etishga buyruq bergan. Bularga yangi litsenziyalar berishni vaqtincha to‘xtatish, qurol importini cheklash va 20 yoshga to‘lmagan shaxslarning otish poligonlariga kirishini taqiqlash kiradi.
Uzoq muddatli choralar qatoriga qurol egalarining ruhiy salomatligi va psixologik holatini baholovchi tibbiy ma’lumotnoma talab qilish, shuningdek, ayrim turdagi qurol litsenziyalari uchun aniq amal qilish muddatini belgilash ham kiritilgan.
Small Arms Survey tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, Tailandda aholi qo‘lida taxminan 10,3 million dona o‘qotar qurol mavjud. Bu har 100 kishiga 15 ta qurol to‘g‘ri kelishini anglatadi.

