Superliga o‘yinida hujumchi «poker» qayd etdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida 15-tur o‘yinlari davom ettirildi. Namanganda «Navbahor» «Xorazm»ni, G‘uzorda «So‘g‘diyona» «Mash’al»ni yengib, birinchi davrani g‘alaba bilan yakunladi.

Superliga bahsida hujumchi to‘rtta gol urib, "poker" qayd etdi.
Namangan klubi 273 kunlik tanaffusdan so‘ng yana o‘z uy maydonida o‘yin o‘tkazdi. PFL maydon holatini musobaqa talablariga javob bermaydi deb topgani sababli "Navbahor" uy uchrashuvlarini Toshkentda o‘tkazishga majbur bo‘layotgan edi. "Xorazm"ga qarshi kechgan o‘yinni tomosha qilish uchun Namangandagi stadionga qariyb 15 ming muxlis tashrif buyurdi.
Temur Kapadze boshchiligidagi jamoa uchrashuvda yirik 5:1 hisobida g‘alaba qozondi. Jarohati tufayli mavsum boshini o‘tkazib yuborgan hujumchi Husayn Norchayev o‘yinda to‘rtta gol urib, "poker"ga erishdi. Ruslanbek Jiyanov namanganliklarning yana bir goliga mualliflik qildi. "Xorazm"ning yagona golini Rustam Abduhamidov kiritdi.
Bu g‘alabadan so‘ng "Navbahor" birinchi davrani 25 ochko bilan yakunladi. Kapadze jamoasi hozircha 5-o‘rinda bormoqda. To‘plar nisbati +9 bo‘lib, bu borada namanganliklar faqat "Paxtakor" va "Neftchi"dan ortda. Sergey Tokov murabbiyligidagi "Xorazm" 16 ochko bilan hozircha 12-o‘rinda qoldi.
O‘zbekiston chempionatlarida bir o‘yinda to‘rtta gol urish kamdan-kam uchraydigan hodisa hisoblanadi. Oxirgi marta "Paxtakor"da o‘ynayotgan Dragan Cheran 2022-yilda "Qizilqum" darvozasiga "poker" yo‘llagan edi. Namangan jamoasi safida esa oxirgi marta ukrainalik hujumchi Ruslan Kachur 12 yil avval "Buxoro" darvozasiga to‘rtta gol urgandi.
Kunning yana bir o‘yinida Jizzaxning "So‘g‘diyona" jamoasi mehmonda "Mash’al"ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Muborakdagi stadion ham talabga javob bermasligi sababli "Mash’al" raqiblarini G‘uzorda qabul qilmoqda. Jizzaxliklar safida Lyupcho Joriyev uchta gol urib, to‘purarlar poygasidagi yetakchilikni "Dinamo" sardori Anvar Hojimirzayevdan qaytarib oldi. Makedoniyalik hujumchi hisobida endilikda 11 ta gol bor.
Birinchi davra o‘yinlari ertaga yakunlanadi. "Qo‘qon-1912" o‘z maydonida "Surxon"ni, OKMK "Nasaf"ni, "Dinamo" Samarqandda peshqadam "Neftchi"ni qabul qiladi.

