Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni bilan ustuvor loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni bilan ustuvor loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

28-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash vaziri Fahad bin Abdulrahmon al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud hamda Valiahd, bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va ezgu tilaklari davlat rahbariga yetkazildi.

Muloqotda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgani qayd etildi. Xususan, ACWA Power kompaniyasi bilan energetika sohasida yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.

Tashrif doirasida Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazilib, qator kelishuvlarga erishildi.

Tomonlar tibbiyot sohasini raqamlashtirish va modernizatsiya qilish, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, tibbiyot kadrlari tayyorlash hamda ko‘p tarmoqli shifoxona barpo etish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida yangi qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-mart kuni Saudiya Arabistoni valiahdi Muhammad bin Salmon al Saud bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tgandi. Suhbatda ikki davlat rahbari Yaqin Sharq mintaqasida kechayotgan keskin vaziyat, qarama-qarshiliklar tobora avj olayotgani tomonlarni jiddiy xavotirga solayotgani qayd etgan.

energetikashavkat mirziyoyevfarmatsevtikahamkorliksaudiya arabistonitibbiyotsog'liqni saqlashloyihalar