Mahalliy

Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri bilan uchrashib, ta’ziya bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatarning sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirish uchun tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Lusail saroyida davlatimiz rahbari Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi. Muloqot...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatarning sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirish maqsadida ushbu mamlakatga tashrif buyurdi.

Lusail saroyida davlatimiz rahbari Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi.

Muloqot davomida Prezidentimiz Qatar Amiriga otasi – sobiq Amir Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.

Shayx Hamad Ol Soniy Hazratlari Qatar Davlati erishgan ko‘plab tarixiy yutuqlar, ulkan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi jadal islohotlar va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi ortishiga katta hissa qo‘shgan siyosat arbobi sifatida ta’kidlandi.

Shuningdek, ularning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashdagi samarali mehnatlari alohida e’tirof etildi.

Prezidentimiz Qatar bugungi kunda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynayotganini, shuningdek, xalqaro maydonda katta ta’sirga ega bo‘lgan «Doha ovozi» paydo bo‘lganini ta’kidladi.

Ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish va dolzarb xalqaro hamda mintaqaviy masalalarni muhokama qildilar.

Qatar Amiri O‘zbekiston Prezidentiga ushbu sinovli damlarda shaxsan tashrif buyurib, bildirgan samimiy hamdardligi va do‘stona qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston rahbari Qatar Amirini o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtlarda mamlakatimizga tashrif buyurishga taklif etdi.

qatarshavkat mirziyoyevstrategik sheriklikdiplomatiyata'ziyashayx hamad bin xalifamintaqaviy masalalarxalqaro aloqalar