Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi

Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp telefon orqali muloqot qildilar.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-avgust kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni AQSH mustaqilligining 250 yilligi bilan yana bir bor tabrikladi.
Donald Tramp esa O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar misli ko‘rilmagan darajaga yetganini, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida ishonchga asoslangan yaqin muloqot shakllanganini ta’kidladi.
Tomonlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, strategik sheriklikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik deyarli barcha yo‘nalishlarni qamrab olgan. Xususan, uch yillik iqtisodiy hamkorlik dasturi amalga oshirilmoqda, Amerika—O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilgan, shuningdek, O‘zbekiston hududlari bilan AQSH shtatlari o‘rtasidagi hamkorlik kengayib bormoqda.
AQSH fuqarolari uchun O‘zbekistonda vizasiz tartib joriy etilgani ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirishga xizmat qilayotgani ham qayd etildi.
Bugungi kunda fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, tog‘-kon sanoati, infratuzilma, energetika, metallurgiya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Telefon muloqoti chog‘ida xalqaro kun tartibidagi masalalar ham muhokama qilindi. Yetakchilar global xavfsizlikni mustahkamlash hamda xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
Shuningdek, bo‘lajak ikki tomonlama va ko‘p tomonlama uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi. Suhbat yakunida Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni o‘zi uchun qulay vaqtda rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif qildi.

