Serdaromad toshkentliklar, kredit botqog‘i va Amerikadagi hamshira – o‘zbekistonliklar qanday yashamoqda?
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 7 million so‘mdan oshgan, bu ko‘rsatkich poytaxtda esa 12 million so‘mdan yuqori. Eng kam maosh Qashqadaryoda, daromadi turg‘un viloyat – Jizzax. Xo‘sh, statistikani rost deb olsak, bu pullarga o‘zbeklar nima qila olyapti? Kun.uz bilan suhbatlashganlar fikricha, yurtdoshlarimiz jon saqlash va qarzlarini yopishga asosiy mablag‘ini sarflab yubormoqda.

Toshkentliklarning yuqori daromadlari, kreditlar girdobi va Amerikadagi hamshira hayoti – o‘zbekistonliklar qanday kun kechirmoqda?
O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 7 million so‘mdan oshgan bo‘lsa, poytaxtda bu ko‘rsatkich 12 million so‘mdan yuqori. Eng kam maosh Qashqadaryoda qayd etilgan, Jizzax viloyati esa daromadlari turg‘un hudud hisoblanadi. Xo‘sh, bu statistik ma’lumotlar haqiqatga yaqin bo‘lsa, o‘zbekistonliklar bu pullarga nimalarga qodir? Kun.uz bilan suhbatlashganlarning fikricha, aksariyat yurtdoshlarimiz asosiy mablag‘larini tirikchilik va qarzlarini yopishga sarflamoqda.
Statistika qo‘mitasining yarim yillik tahlillariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 7 million so‘mdan yuqori ekanligi ma’lum bo‘lgan. Toshkent esa an’anaviy tarzda eng serdaromad hudud bo‘lib qolmoqda. Ammo bu mablag‘lar bilan odamlar nimalarga erishmoqda?
Kun.uz iqtisodchi, jamiyatshunos va AQShda faoliyat yuritayotgan o‘zbek hamshirasi bilan ushbu savolni atroflicha muhokama qildi. Ularning fikricha, bugungi kunda o‘zbekistonliklar kommunal xizmatlar, oziq-ovqat va boshqa xizmatlar narxlarining yuqoriligidan shikoyat qilmoqda. Shuningdek, daromadlarining kamida 40 foizini olgan qarzlariga sarflashga majbur.
Janubiy Koreyaning Seul shahridan onlayn suhbatda ishtirok etgan iqtisodchi Valijon To‘raqulovning ta’kidlashicha, bunday statistikalar insonlar hayotida aks etsa-da, o‘rtacha ish haqi har bir fuqaroning real ahvolini to‘liq ifodalamaydi.
"Masalan, koreyslarning ham hammasi oyiga 3-4 ming dollar topmaydi. O‘zbekistonda esa qishloqlarda yillik daromadi 500 AQSh dollariga ham yetmaydiganlar anchagina. Lekin o‘rtacha ish haqi hisoblanganda hamma shunday maosh oladi deb tushunish xato. Shuning uchun median hisoblashdan foydalanish va maoshlarni kichigidan kattasiga qarab tartiblash, o‘rtadagi qiymatni olish realroq vaziyatni ifodalaydi", – deydi iqtisodchi.
Jamiyatshunos Mahmud Yo‘ldoshevning fikricha, aksariyat o‘zbekistonliklar o‘z daromadidan qoniqmaydi va xorijga intiladi. Bundan tashqari, pensionerlar jamiyatda eng og‘ir ahvolda qolmoqda. Ayniqsa, hayoti chorvachilikka bog‘liq bo‘lganlarda vaziyat yanada murakkab, deydi Yo‘ldoshev.
"Masalan, uzoq yillardan beri Jizzaxda maosh kam va bu davomiy. Sababi – jizzaxliklar savdo-sotiqni yaxshi bilmaydi, ko‘pchiligi chorvaga bog‘lanib qolgan. Chorva esa yiliga bir marta bolalaydi, vaziyat qolgan hududlarga qaraganda og‘irroq", – deydi jamiyatshunos.
Nilufar Salimova 18 yildan beri AQShda yashaydi. Hozir yana universitetda o‘qimoqda, ammo yaqingacha Nyu-Yorkdagi eng mashhur va yuqori maosh to‘lanadigan kasalxonalardan birida ishlagan. "Daromadim yiliga 150 ming AQSh dollari edi", – deydi u.
"Aniq bilaman, O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari va ayniqsa, hamshiralarga juda kam pul to‘lanadi. AQShda esa hamshiralar shtatiga va qancha ishlashiga qarab yiliga 50 mingdan 150 ming AQSh dollari va undan yuqori ham maosh olishadi. Men to‘liq shtatda haftasiga 3 kun ishlardim va maoshim yiliga bonuslari bilan 150 ming AQSh dollari atrofida chiqardi. Bu bir hamshira oilasi uchun va juda yaxshi yashashi uchun yetarli miqdor", – deydi Salimova.
Biroq uchala suhbatdoshning fikricha ham, bugun hamma joyda odamlar oziq-ovqat narxlarining qimmatligi, xizmat ko‘rsatish, transport va dastlabki ehtiyojlar narxi oshib ketganidan qiynalmoqda. Ayniqsa, Amerikada oxirgi vaqtlarda oziq-ovqat narxlari juda qimmatlagan.
"Oyiga hisoblaganda 12 500 AQSh dollari maosh chiqsa, soliqlardan keyin qo‘limga 9 000 olardim. Shuning hammasi xarajatlarimga ketadi, sababi oilamiz 5 kishidan iborat, 3 nafar farzandim bor. Odamlar doim katta maoshga qaraydi, lekin bizda katta xarajat ham bor", – deydi bugun Nyu-Jersida yashayotgan Nilufar Salimova.
Iqtisodchi To‘raqulovning qo‘shimcha qilishicha, o‘zbekistonliklar bugun daromadining katta qismini qarziga yoki kreditiga to‘lashdan tashqari ijara, kundalik xarajatlar, oilaviy chiqimlardan pul orttira olmayapti. Ayniqsa, yosh oilalar daromadining kamida yarmini ijaraga beradi, qolgani esa ta’lim va kundalik xarajatlarga ketadi. Davlatning bu o‘rinda roli muhim, chunki har bir individning iqtisodiy holati oxir-oqibat davlatning iqtisodiy ahvolini shakllantiradi, deydi u.
Spikerlarning fikricha, O‘zbekiston ham aholi eng ko‘p pul sarflayotgan yo‘nalishlarda davlat dasturlarini yo‘lga qo‘yishi kerak. Masalan, xususiy maktablar bilan bir qatorda xuddi shunday muassasalarda moddiy ahvoli nomutanosiblar ham borishi, doimiy ijarada yashovchilar, farzandlarini to‘garaklarga beruvchilar, tibbiyot uchun davlat ijtimoiy dasturlarini e’lon qilish vaqti kelgan.
Suhbatni Kun.uzʼning YouTubeʼdagi sahifasidan to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

