Iqtisodiyot

Toshkentda kvartiralar qimmatlashib, hovlilar narxi tushdi

Toshkentda kvartiralar narxi ko‘tarilib, hovlilar arzonlashdi.

O‘zbekistonda 2026-yilning ikkinchi choragidan boshlab uy-joy narxlari indeksini hisoblashning yangi usuli joriy etildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi metodologiya Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari ko‘magida xalqaro statistik standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan. Asosiy o‘zgarish gedonik regressiyaning qo‘llanilishi bo‘lib, bu usul uy-joyning maydoni, joylashuvi, qavati, xonalar soni va boshqa xususiyatlarini hisobga oladi. Shuningdek, hisob-kitoblarga ilk bor yakka tartibdagi uy-joylar ham kiritilgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning ikkinchi choragida Toshkent shahrida kvartiralar narxi o‘tgan chorakka nisbatan 1,3 foizga, yillik hisobda esa 3,9 foizga oshgan. Toshkentdagi yangi qurilgan uylardagi kvartiralar narxi bir yil ichida 5 foizga ko‘tarilgan.

Poytaxtda yakka tartibdagi uylar narxi birinchi chorakka nisbatan 0,7 foizga pasaygan bo‘lsa-da, o‘tgan yilgi darajadan 1,2 foizga yuqoriligicha qoldi. Qolgan hududlarda uylar chorak davomida 2,8 foizga qimmatlashdi, biroq yillik hisobda narxlar 2,7 foizga tushdi.

Birlamchi bozorda choraklik o‘sish 0,7 foizni, yillik o‘sish 7,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ikkilamchi bozorda narxlar mos ravishda 1,6 va 4,2 foizga oshgan.

Indeks e’lonlarda ko‘rsatilgan narxlar asosida hisoblanadi va amalda tuzilgan bitimlar qiymatini aks ettirmaydi. Toshkent bo‘yicha baza to‘liq OLX.uz ma’lumotlari asosida shakllantiriladi. Hududlarda ma’lumotlarning 48 foizi ushbu manbadan, qolgan 52 foizi boshqa ochiq kanallardan olinadi. 2026-yilning birinchi yarmida respublika bo‘yicha har chorakda 150 mingga yaqin e’lon qayd etilgan.

Qo‘mita hozircha birlamchi va ikkilamchi bozorlar, shuningdek, Toshkent shahri va hududlar kesimida kvadrat metrning o‘rtacha narxini e’lon qilishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi.

Avvalroq 2026-yil iyul oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk hamda transport vositalarini eskrou hisobvaraqlari orqali oldi-sotdi qilish bo‘yicha 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirilgani xabar qilingandi. Shundan 18 ming 306 tasi transport vositalari, 16 ming 35 tasi esa ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga to‘g‘ri kelgan.

o‘zbekistontoshkentuy-joy narxlarikvartiralarko'chmas mulk bozoristatistik metodologiyahovlilarnarx indekslari