Mahalliy

Senat kredit xizmatlari reklamasida ogohlantirish bo‘lishini nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi

Senat kredit xizmatlari reklamalarida ogohlantirishlar bo‘lishini nazarda tutuvchi qonunni tasdiqladi.

O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida kredit-moliya va sug‘urta xizmatlari reklamalariga qo‘yiladigan talablar kuchaytirilishi taklif etilmoqda. Bu haqda Senatning yalpi majlisida “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun muhokamasi chog‘ida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda sug‘urta xizmatlari hamda kredit-moliya masalalarida iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholi va tadbirkorlar uchun qo‘shimcha yengilliklar yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Yangi o‘zgartirishlar aholining, jumladan, tadbirkorlarning sug‘urta bo‘yicha savodxonligini oshirishga qaratilgan axborot-targ‘ibot ishlarini kuchaytirishni ham ko‘zda tutadi. Qonunga ko‘ra, sug‘urta savodxonligini oshirishga qaratilgan axborot ijtimoiy axborot tarkibiga kiritiladi. Bu orqali sug‘urta xizmatlari bo‘yicha aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan materiallarni kengroq targ‘ib qilish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, moliyaviy xizmatlar reklamasiga iste’molchilar uchun muhim bo‘lgan ogohlantirish kiritish talabi belgilanmoqda. Unga ko‘ra, kredit mahsulotlari reklamasida o‘z to‘lov qobiliyatini to‘g‘ri baholamaslik va qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarga olib kelishi mumkinligi haqida ma’lumot bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, tegishli sohalardagi vakolatli organlar ham ijtimoiy axborot reklama beruvchilari qatoriga kiritilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgartirishlar aholining sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonchini oshirish, shuningdek, kredit olish bilan bog‘liq moliyaviy xatarlar haqida fuqarolar va tadbirkorlarning xabardorligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.

17-mart kuni Qonunchilik palatasi deputatlari kredit reklamalarida uning oqibatlari haqida ogohlantirishlar berish majburiyatini joriy etish ko‘zda tutilgan qonunni ikkinchi o‘qishda qabul qilgandi. Qonun loyihasi moliyaviy xizmatlar reklamasini yanada tartibga solish, aholining kredit bilan bog‘liq xatarlar haqidagi xabardorligini oshirish, mas’uliyatli qarz olish madaniyatini shakllantirishni nazarda tutadi.

senate approvaluzbekistancredit advertisingconsumer protectioninsurance servicesfinancial riskslegislative changesfinancial literacy