Mahalliy

Senat bozor nazorati to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Senatning 18-yalpi majlisida “Bozor nazorati toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Senat "Bozor nazorati to'g'risida"gi qonunni tasdiqladi

Toshkent, O'zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 18-yalpi majlisida "Bozor nazorati to'g'risida"gi Qonun muhokama qilindi.

So'nggi yillarda O'zbekistonda iste'molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ichki bozorda muomalaga chiqarilayotgan mahsulotlar xavfsizligini ta'minlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun adolatli va shaffof raqobat muhitini yaratishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, amalda inson hayoti, sog'lig'i, mol-mulki va atrof-muhit uchun xavf tug'dirishi mumkin bo'lgan nooziq-ovqat mahsulotlarini aniqlash, ularni muomaladan chiqarish va vakolatli davlat organlarining o'zaro hamkorligini ta'minlash bilan bog'liq munosabatlarni yagona huquqiy asosda tartibga soluvchi alohida qonun mavjud emasligi qayd etildi.

Qonun bilan bozor nazorati sohasida yagona huquqiy mexanizm joriy etilmoqda. Xususan, bozor nazoratini amalga oshirishning asosiy prinsiplari, vakolatli davlat organlari va iqtisodiy operatorlarning huquq va majburiyatlari, bozor nazorati tadbirlarini o'tkazish tartibi hamda ta'sir choralarini qo'llashning aniq huquqiy asoslari belgilanmoqda.

Shuningdek, Qonun bozor nazoratini xavf-xatarlarni baholash asosida tashkil etish, nazorat xaridlarini amalga oshirish, mahsulotlarni laboratoriya sinovlaridan o'tkazish, xavfli mahsulotlarni muomaladan chiqarish va chaqirib olish, shuningdek, iste'molchilarni tezkor xabardor qilish mexanizmlarini joriy etadi.

Ayniqsa, iqtisodiy operatorlarning huquqlari kafolatlanib, ularga bozor nazorati tadbirlarida ishtirok etish, nazorat materiallari bilan tanishish, audio va videoyozuvlarni amalga oshirish, shuningdek, vakolatli organlar qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqi berilayotgani tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi ichki bozorda faqat xavfsiz va belgilangan talablarga javob beradigan mahsulotlar muomalada bo'lishini ta'minlash, iste'molchilarning huquqlarini yanada samarali himoya qilish, davlat nazoratining ochiqligi va shaffofligini oshirish, halol tadbirkorlik muhitini mustahkamlash hamda mamlakatda bozor nazoratining zamonaviy va samarali tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma'qulladi.

senate approvalmarket control laweconomic operatorsrisk assessmentconsumer protectionproduct safetytransparencybusiness environment