Senat harbiy pensiyalar to'g'risidagi yangi qonunni ma'qulladi
Senatning yalpi majlisida “Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) va ular oila aʼzolarining davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Senat harbiy pensiyalar bo‘yicha yangi qonunni tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) va ular oila aʼzolarining davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda xizmatlarini munosib rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu Qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarining davlat pensiya taʼminotini milliy qonunchilik asosida kompleks tartibga solishga xizmat qiladi.
Muhokama davomida ta’kidlanganidek, shu vaqtga qadar bu sohadagi munosabatlar asosan sobiq Ittifoq davrida qabul qilingan huquqiy hujjatlar va ayrim xalqaro kelishuvlar asosida tartibga solingan. Yangi Qonun esa ushbu munosabatlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi talablari asosida huquqiy jihatdan mustahkamlaydi.
Birinchi marta davlat pensiya taʼminoti huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasi, xizmat yillari uchun pensiya, nogironlik pensiyasi va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash shartlari, ularni hisoblash, qayta hisoblash va to‘lash tartibi yagona qonun darajasida belgilab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, uzoq yillar davomida halol xizmat qilgan harbiy xizmatchilarni ijtimoiy rag‘batlantirishga qaratilgan muhim yangiliklar nazarda tutilgan. Xususan, kalendar hisobida 30 yildan ortiq xizmat qilgan shaxslar uchun pensiyani hisoblashning eng yuqori miqdori 75 foizdan 100 foizgacha oshirilmoqda.
Muhimi, mazkur ijtimoiy kafolatlar faqat kelgusida pensiyaga chiqadigan harbiy xizmatchilarga emas, balki bugungi kunda pensiya olayotgan, kalendar hisobida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilar, xodimlar va ularning oila aʼzolariga ham tatbiq etiladi.
Qonunda Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilgan insonlarning oilalarini ijtimoiy muhofaza qilishga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashning huquqiy asoslari takomillashtirilib, harbiy xizmatchi xizmatni o‘tash davrida halok bo‘lgan yoki xizmat davrida olgan jarohati yoki kasalligi oqibatida vafot etgan hollarda uning oila aʼzolarining davlat tomonidan pensiya bilan taʼminlanishiga oid kafolatlar mustahkamlanmoqda.
Taʼkidlanganidek, mazkur Qonun harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, ularning xizmatini munosib qadrlash hamda oila aʼzolarining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

