O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi bitim imzolandi
Bir davlatda tayinlangan pensiyani pensioner boshqa tomon hududida ko‘chgan taqdirda ham olish imkoniyati ta’minlanadi.

**O‘zbekiston va Qirg‘iziston pensiya ta’minoti bo‘yicha kelishuvga erishdi**
Joriy yilning 30-iyul kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti sohasida muhim bitimni imzoladilar.
Ushbu kelishuv ikki mamlakat hududida mehnat faoliyatini olib borgan fuqarolarning pensiya huquqlarini himoya qilish hamda pensiya ta’minoti borasidagi hamkorlikni yangi, yanada samarali bosqichga ko‘tarishni maqsad qilgan.
Bitimning asosiy shartlari quyidagilardan iborat:
* Har bir davlat o‘z hududida to‘plangan ish (sug‘urta) staji uchun fuqaroga pensiya tayinlaydi va to‘laydi.
* Pensiya miqdori har bir davlatning milliy qonunchiligiga muvofiq, shu davlat hududida ishlagan staj, olingan ish haqi yoki to‘langan sug‘urta badallari asosida hisoblab chiqiladi.
* Bir davlatda tayinlangan pensiyani pensioner boshqa tomon hududiga ko‘chib o‘tgan taqdirda ham olish imkoniyati kafolatlanadi.
* Ikki davlat fuqarolariga teng huquqlar beriladi. Shuningdek, dafn etish nafaqasi, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish va vakolatli organlar o‘rtasida axborot almashish tartiblari belgilab qo‘yiladi.
Bitimning o‘tish qoidalariga ko‘ra, u kuchga kirgunga qadar orttirilgan ish staji milliy qonunchilik hamda 1992-yil 13-martdagi MDH Bitimi asosida inobatga olinadi.

