Saudiya mudofaa pakti imzolaganidan ikki kun o‘tib husiylar qirollikning neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi

Saudiya Arabistoni mudofaa paktini imzolaganidan ikki kun o‘tib, husiylar qirollikning neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi.
Yaman husiylari 9-avgust kuni Saudiya Arabistonining Jizan shahridagi Saudi Aramco neftni qayta ishlash zavodiga dron hujumi uyushtirganini ma’lum qildi. Bu hujum Saudiya Arabistoni Turkiya va Pokiston bilan mudofaa kelishuvini imzolaganidan ikki kun o‘tib sodir bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Husiylarning harbiy vakili Yahyo Sariyning bayonotiga ko‘ra, zarba Jizandagi neftni qayta ishlash zavodiga berilgan. Saudiya Energetika vazirligi esa zavod hududida yong‘in chiqqanini, biroq u tezda o‘chirilganini bildirdi. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Vazirlik yong‘inning kelib chiqish sababini oshkor qilmadi. Hozirda tegishli idoralar hodisa yuzasidan tergov olib bormoqda.
Jizan shahridagi zavod Saudiya Arabistonining janubi-g‘arbida, Yaman chegarasi yaqinida joylashgan bo‘lib, kuniga 400 ming barrelgacha xom neftni qayta ishlash quvvatiga ega. Korxonada benzin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqariladi.
**Zavod avval ham hujumga uchragan**
IIR konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Aramco 27-iyul kuni Jizan neftni qayta ishlash zavodining faoliyatini to‘xtatgan. Bunga husiylarning avvalgi hujumi sabab bo‘lgan. O‘sha hujum natijasida zavodning integratsiyalashgan gazlashtirish va kombinatsiyalangan sikl tizimi (IGCC) hamda neft mahsulotlari saqlanadigan rezervuarlar hududi zarar ko‘rgan.
Husiylar bundan avval ham Jizandagi Aramco obyektlariga, shuningdek, Qizil dengiz sohilidagi Yanbu shahriga hujumlar uyushtirgan.
9-avgust kuni husiylar Yaman sohilidagi Muho shahriga ham raketa va dron zarbalari berilganini ma’lum qildi. Tarixiy port shahri Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan Adan hukumatiga bo‘ysunadi.
Yaman hukumatining uch manbasi Reuters agentligiga husiylar tomonidan portdagi tijoriy bandargoh va omborlarga uchirilgan dronlarni havo mudofaasi tizimlari nishonga olganini bildirgan.
Husiylar vakili zarbalar hududdagi Saudiya qo‘shinlari va qurol-yarog‘ omborlariga qarshi qaratilganini aytdi. Saudiya tomoni Yaman hududidagi hujumlarga hozircha izoh bermagan.
**Saudiya, Turkiya va Pokiston mudofaa ittifoqi tuzdi**
Husiylarning navbatdagi hujumi Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston mudofaa kelishuvini imzolaganidan ikki kun o‘tib sodir bo‘ldi.
7-avgust kuni Makka shahrida uch davlat "Makka qo‘shma mudofaa kelishuvi"ni imzolagan. Unga ko‘ra, tomonlardan biriga qurolli hujum uyushtirilsa, bu uchala davlatga qarshi hujum sifatida baholanadi. Kelishuvning maqsadi har qanday tajovuzga qarshi jamoaviy tiyib turish imkoniyatlarini kuchaytirishdan iborat.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan kelishuv Eron yoki boshqa biror davlatga qarshi qaratilmaganini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uch davlatga hujum qilingan taqdirda qanday ko‘lamda va qanday shaklda yordam ko‘rsatilishi maslahatlashuvlar orqali belgilanadi.
Shu sababli hozircha Turkiya yoki Pokiston Saudiya Arabistoniga qarshi so‘nggi hujumlarga qanday javob berishda ishtirok etishi noma’lum.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, yangi kelishuv AQSHning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari bo‘lgan uch davlatning mintaqadagi xavfsizlik va mudofaa hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan.
**Husiylar Saudiya Arabistoniga dengiz blokadasi e’lon qilgan**
Husiylar o‘tgan oy Qizil dengizda Saudiya Arabistoniga qarshi dengiz blokadasi e’lon qilgan edi. Guruh buni Saudiya Arabistonining Yamanga nisbatan "qamal" siyosati bilan izohlagan. Al-Riyod esa bu ayblovni rad etmoqda.
So‘nggi haftalarda husiylar Saudiya Arabistonining energetika infratuzilmasi va neft tashuvlariga qarshi hujumlarini kuchaytirdi. 5-avgust kuni guruh Qizil dengizdagi Yanbu porti yaqinida Saudiya neft tankeriga, shuningdek, Adan qo‘ltig‘idagi yana bir Saudiya tankeriga raketa hujumi uyushtirganini bildirgan. Saudiya Arabistoni bu hujumlarni tasdiqlamagan.
6-avgust kuni esa Saudiya rasmiylari mamlakat shimol va janubdan Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kuchlarning muvofiqlashtirilgan hujumlariga duch kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Saudiya, AQSH va boshqa mintaqaviy davlatlarning razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar energetika obyektlari, portlar va aeroportlar kabi muhim fuqarolik va iqtisodiy infratuzilmalarga qaratilishi mumkinligi aytilgan.
**Aramco hujumlarning ta’sirini baholadi**
Saudi Aramco bosh direktori Amin Nosir avvalroq kompaniya obyektlariga berilgan so‘nggi hujumlar ayrim ishlab chiqarish jarayonlarida uzilishlarga sabab bo‘lganini bildirgan. Biroq u operatsiyalar tezda tiklanishiga ishonchi komil ekanini aytgan.
Uning ta’kidlashicha, hujumlar kompaniyaning faoliyati yoki moliyaviy ko‘rsatkichlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmagan.
Mintaqadagi keskinlashuv global energiya ta’minotidagi uzilishlarga va jahon iqtisodiyotidagi xavotirlarning kuchayishiga olib kelmoqda. Saudiya Arabistonining Turkiya va Pokiston bilan mudofaa kelishuvini tuzishi ham aynan mintaqadagi xavfsizlik vaziyatining keskinlashuvi fonida yuz berdi.

