Husiylar hukumat kuchlariga qarshi raketalar uchirdi, kamida 30 kishi halok bo‘ldi

Husiylar hukumat kuchlariga raketa hujumlari uyushtirdi, kamida 30 kishi halok bo‘ldi
Yamandagi husiy isyonchilari Hadramavt va Marib viloyatlaridagi harbiy lagerlarga raketa zarbalari berishi oqibatida hukumat kuchlarining kamida 30 nafar askari hayotdan ko‘z yumdi, 15 nafari jarohatlandi. Bu haqda hukumat manbalari Al Jazeera telekanaliga ma’lum qildi.
6-avgust kuni sodir bo‘lgan ushbu hujumlar, jumladan, Yaman Favqulodda kuchlari boshqaradigan lagerlarga berilgan zarbalar fuqarolar urushida so‘nggi yillardagi eng qonli to‘qnashuvga aylandi. Bu so‘nggi haftalarda avj olgan zo‘ravonliklarning davomidir. Husiylar harbiy vakili Yahyo Sariy raketa va dronlar yordamida uyushtirilgan hujumlardan yuzlab odam aziyat chekkanini aytdi.
Yaman harbiylari hujumlarni tasdiqladi va buni husiylarga qarshi uyushtirilgan harbiy amaliyotlarga javob deb baholadi. Yaman harbiy manbalarining bildirishicha, husiylar Maribning shimolidagi Al-Javf viloyatidan sakkizta raketa uchirgan. Zarbalar Hadramavtdagi Al-Thiniya va Al-Abr hamda Maribdagi Ar-Ruk hududlariga berilgan. Manbalar qurbonlar soni yanada ortishini ta’kidlamoqda.
To‘rt yillik nisbatan tinch davrdan so‘ng, Eron tomonidan dastaklanuvchi husiylar va Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlayotgan hukumat kuchlari o‘rtasidagi janglar so‘nggi haftalarda keskinlashdi. Husiylar, shuningdek, Saudiya Arabistoniga nisbatan dengiz blokadasini e’lon qilgan va Yamanning shimoliy qo‘shnisiga aloqador kemalarga hujum qilmoqda.
Yamandagi so‘nggi urush 2014-yilda, husiylar poytaxt Sanani egallab olgach boshlangan edi. 2015-yili Saudiya boshchiligidagi koalitsiyaning harbiy aralashuvi boshlandi, biroq u husiylarni to‘liq mag‘lub eta olmadi.
**Hujumlarning ortishi**
Sariyning aytishicha, payshanba kungi hujum Saudiya qo‘llab-quvvatlayotgan hukumat kuchlarining “nizoni kuchaytirish maqsadida harbiy kuch to‘plashidan” so‘ng sodir bo‘ldi.
So‘nggi haftalarda husiylar ham, hukumat ham o‘z kuchlarini safarbar qildi. Yaman g‘arbi va markazida to‘qnashuvlar yuz berdi. Keskinlik bir oy muqaddam, Sana aeroportiga Eron samolyoti qo‘nishiga to‘sqinlik qilinganidan so‘ng ortgan edi.
13-iyul kuni Yaman hukumati boshqa bir Eron samolyoti qo‘nishining oldini olish uchun Sana aeroportiga zarba berganini ma’lum qildi. Husiylar bunga javoban Saudiya Arabistonining Abha aeroportiga hujum uyushtirdi. Ar-Riyod ushbu hujum qaytarilganini bildirdi.
Shundan so‘ng, 20-iyul kuni husiylar Saudiya Arabistoniga dengiz blokadasi e’lon qildi va keyingi kunlarda Qizil dengizda Saudiyaga aloqador kemalarga hujum qila boshladi. Dunyodagi eng gavjum dengiz yo‘llaridan biridagi bu hujumlar AQSH va Eron urushi Arabiston yarimorolining boshqa tarafidagi Hormuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘ygan hamda neft va energiya eksportini izdan chiqargan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Shundan beri Saudiya boshchiligidagi koalitsiya Yaman g‘arbidagi husiy nishonlariga zarbalar berdi. Bu 2022-yildan beridagi birinchi shunday amaliyot bo‘ldi. Husiylar Ar-Riyodga qarshi dengiz blokadasini Yaman bo‘ylab o‘zlari nazorat qiladigan hududlarga nisbatan qo‘llanilayotgan “Saudiya qamaliga” javob deb baholamoqda.

