Siyosat

Saudiya Arabistoni husiylarga qarshi yirik harbiy hujumga tayyorlanmoqda — The Guardian

**Saudiya Arabistoni husiylarga qarshi keng koʻlamli harbiy operatsiyaga tayyorlanmoqda – The Guardian**

The Guardian nashrining Yamandagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Saudiya Arabistoni Yaman husiylariga qarshi dengiz va quruqlikdan yirik harbiy hujumga hozirlik koʻrmoqda.

Bu harakat husiylarning Saudiya neft obyektlariga uyushtirgan hujumlari va Qizil dengizda kemalarni toʻsib qoʻyishiga javoban amalga oshirilishi koʻrib chiqilmoqda. Saudiya ushbu dengiz va Bob al-Mandab boʻgʻozida oʻz kemalarini himoya qilish maqsadida harbiy-dengiz koalitsiyasini tuzmoqda.

Saudiya Arabistoni AQSH va bir qator Yevropa davlatlarini, jumladan, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Italiyani Qizil dengiz koalitsiyasiga qoʻshilishga taklif qilgan. Yevropa Ittifoqining Qizil dengizda allaqachon “Aspides” nomli dengiz mudofaa missiyasi mavjud. Husiylarning blokadasi faqat Saudiya Arabistoniga qaratilganmi yoki yoʻqmi, hozircha nomaʼlum.

Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan husiylar Yamanning poytaxti Sana shahri va Qizil dengiz qirgʻoqlarining katta qismini nazorat qiladi. Husiylar 20-iyul kuni Saudiya kemalariga qarshi blokada joriy etgan. Ular Saudiya Yamanga qoʻyilgan qamalni bekor qilsa, oʻzlari ham shunday qadam tashlashini maʼlum qilgan.

Husiylar 25-iyul kuni Saudiya Arabistonidagi neft tashish obyektlariga zarba berganini eʼlon qildi. Ushbu “nozik” infratuzilmalar mamlakatdagi neft konlarini Qizil dengizdagi eksport xabi bilan bogʻlab turgan. Agar Hormuz boʻgʻoziga qoʻshimcha ravishda Qizil dengiz yoʻli ham Saudiya uchun yopilsa, qirollikning neft eksporti jiddiy cheklanadi.

Eron urushi boshlanishidan oldin Saudiya xomashyosi eksportining 80 foizigacha boʻlgan qismi Hormuz boʻgʻozi orqali joʻnatilgan. Shu sababli Qizil dengizning ahamiyati oshgan, Saudiya neftining yarmidan koʻpi endi quruqlik orqali Yanbu port shahridagi yuklash terminallariga yetkazilmoqda.

Saudiya Arabistonining AQSH bilan birgalikda 29-iyul kuni Iroqqa uyushtirgan zarbalari oqibatida kamida 20 kishi halok boʻlgandi. Donald Tramp mazkur hujumlar Iroq hukumati roziligi bilan amalga oshganini aytdi, ammo Bagʻdod bu daʼvoni tasdiqlamadi.

Saudiya Arabistoni mudofaa vaziri shahzoda Xolid bin Salmon 29-iyul kuni Tramp va AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens bilan navbatdagi qadamlarni muhokama qilish uchun shoshilinch uchrashuv oʻtkazdi.

Xabarda aytilishicha, “Saudiyaliklar oʻzini va sanoatini himoya qilishga intilmoqda. Biroq AQSH va Eron oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni diplomatiya yoʻli bilan hal etish mumkinligini taʼkidlamoqda, shu sababli Eronga qarshi urushni kuchaytirishni istamaydi”.

harbiy hujumyamanhusiylarsaudiya arabistonineftxalqaro koalitsiyaeronqizil dengiz