Mahalliy

Sanoat va xizmatlar sohasidagi faollik biznes muhitining yaxshilanishiga xizmat qildi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi so‘rovnomasi natijalariga ko‘ra, iyun oyida tadbirkorlarning joriy biznes muhitiga bergan bahosi yaxshilandi. Ayni paytda, kelgusi uch oyda biznes rivojlanishi bo‘yicha ijobiy kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

**Sanoat va xizmatlar sektoridagi faollik biznes muhitining yaxshilanishiga xizmat qildi**

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) har oy respublika bo‘ylab tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnomalar asosida O‘zbekistondagi biznes muhiti tahlilini e’lon qildi. Ushbu tahlil joriy biznes muhitining bahosi va kelgusi uch oy uchun tadbirkorlarning kutishlarini aks ettiruvchi biznes muhiti indikatorini o‘z ichiga oladi.

**O‘zbekistonda biznes muhiti indikatori dinamikasi**

Iyun oyida biznes muhiti yig‘ma indikatori 58 bandni tashkil etib, may oyiga nisbatan 1 bandga yuqori bo‘ldi. 50 banddan yuqori ko‘rsatkich tadbirkorlar orasida ijobiy baholarning ustunligini bildiradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy biznes muhiti indeksi 48 bandni, kutilmalar indeksi esa 68 bandni tashkil etdi. Bu korxonalar tomonidan joriy vaziyatga nisbatan ehtiyotkor baho saqlanayotganini, ayni paytda kelgusi uch oy uchun ijobiy kutilmalar yuqori darajada qolayotganini ko‘rsatadi.

So‘rovnoma natijalari ishbilarmonlik faolligining asosiy ko‘rsatkichlari ijobiy dinamikaga ega ekanini ko‘rsatmoqda. So‘nggi uch oydagi biznes holatini tadbirkorlarning 48 foizi "yaxshi" deb baholagan bo‘lsa, may oyida bu ko‘rsatkich 44 foizni tashkil etgan. Bu joriy biznes muhitiga berilayotgan baholar yaxshilanganini anglatadi.

Biznes holatini "yaxshi" deb baholagan tadbirkorlar ulushi 42 foizni tashkil etdi (may oyida — 38 foiz). Bu joriy biznes muhitiga berilgan baholar yaxshilanganini ko‘rsatadi.

So‘nggi uch oyda tovar va xizmatlarga talab oshganini respondentlarning 40 foizi qayd etgan (may oyida — 37 foiz). Shu bilan birga, xodimlar soni oshganini bildirgan tadbirkorlar ulushi 24 foizni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan (28 foiz) biroz pasaydi.

**Tarmoqlar kesimida biznes muhiti indikatori dinamikasi**

O‘tgan oyga nisbatan biznes muhiti baholari sanoat va xizmatlar sohasida yaxshilandi. Qishloq xo‘jaligi va qurilish tarmoqlarida esa ko‘rsatkichlar biroz pasaydi.

Qishloq xo‘jaligida biznes muhiti yig‘ma indikatori 64 bandni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan biroz past bo‘ldi (may oyida 70 band). Shu bilan birga, tarmoqda joriy holat va tadbirkorlarning kutilmalari yaxshilandi.

So‘nggi uch oyda vaziyat yaxshilanganini tadbirkorlarning 54 foizi (may oyida — 47 foiz) qayd etdi. Joriy biznes holatini "yaxshi" deb baholaganlar ulushi 52 foizni (49 foiz), xodimlar soni oshganini bildirganlar esa 32 foizni (28 foiz) tashkil etdi.

Qurilish sohasida biznes muhiti yig‘ma indikatori 65 band bo‘lib, o‘tgan oyga (69 band) nisbatan 4 bandga pasaydi.

Shunga qaramay, tarmoqda ishbilarmonlik faoliyati bo‘yicha ijobiy baholar saqlanib qoldi. So‘nggi uch oyda vaziyat yaxshilanganini qurilish kompaniyalarining 49 foizi (may oyida — 47 foiz) bildirdi. Xodimlar soni oshganini 36 foiz kompaniya (42 foiz), mahsulotlarga talab oshganini esa 36 foiz korxona (51 foiz) qayd etdi.

Sanoatda biznes muhiti yig‘ma indikatori 49 bandni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 3 bandga (46 banddan) oshdi. Indeksning nisbatan mo‘’tadil darajasi sanoat korxonalarining joriy biznes holatiga bergan baholari bilan izohlanadi.

Joriy biznes holatini "yaxshi" deb baholagan sanoat korxonalari ulushi 43 foizni (34 foiz) tashkil etdi. Shu bilan birga, 55 foiz korxona (61 foiz) kelgusi uch oyda xodimlar soni ko‘payishini kutmoqda. Qisqa muddatli kutilmalar yuqori darajada saqlanib, sanoat korxonalarining 74 foizi yaqin uch oyda biznes rivojlanishiga ijobiy baho berdi.

Xizmatlar sohasida biznes muhiti yig‘ma indikatori 3 bandga oshib, 59 bandni (56 band) tashkil etdi va ijobiy hududda saqlanib qoldi. O‘zgarishlar asosan qisqa muddatli kutilmalarning yaxshilanishi hisobiga kuzatildi. Mazkur ko‘rsatkich 67 bandni tashkil etib, o‘tgan oydagi ko‘rsatkichga nisbatan 6 bandga yuqori bo‘ldi (61 band).

Xizmatlar sohasida ishbilarmonlik faolligi bo‘yicha ijobiy baholar saqlanmoqda. Korxonalarning 76 foizi kelgusi uch oyda biznes rivojlanishi istiqbollarini ijobiy baholagan bo‘lsa, 38 foizi so‘nggi uch oyda joriy biznes holati yaxshilanganini qayd etdi.

**Biznes yuritishdagi to‘siqlar qisqarmoqda**

Iyun oyi yakunlariga ko‘ra, tadbirkorlarning 60 foizi biznes yuritishda to‘siqlar mavjud emasligini bildirgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 3 foiz bandga yuqori bo‘ldi (may oyida — 57 foiz).

To‘siqlar mavjud emasligini bildirgan tadbirkorlar ulushi xizmatlar sohasida 63 foizni, qishloq xo‘jaligida 59 foizni, qurilishda 53 foizni va sanoatda 52 foizni tashkil etdi.

Tadbirkorlik faoliyatini cheklayotgan asosiy omillar sifatida respondentlar soliq ma’muriyatchiligi va soliq stavkalari bilan bog‘liq masalalarni — 20 foiz, kredit olish imkoniyati, foiz stavkalari va bank xizmatlari bilan bog‘liq muammolarni — 14 foiz, talabning yetarli emasligini — 8 foiz hamda boshqa moliyaviy qiyinchiliklarni — 8 foiz holatda qayd etgan.

Tarmoqlar kesimida qishloq xo‘jaligida moliyaviy qiyinchiliklar va yer uchastkalarini olish masalalari dolzarb bo‘ldi. Sanoatda elektr ta’minoti va kreditlardan foydalanish, qurilishda moliyaviy cheklovlar, xizmatlar sohasida esa soliq ma’muriyatchiligi va talabning yetarli emasligi ko‘proq qayd etildi.

Iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligi va investitsion faollikni o‘rganish sho‘’basi

tel: (78) 150 02 02 (441)

Jamoatchilik bilan aloqalar sho‘’basi

tel: (78) 150 02 02 (417)

uzbekistanagricultureindustryconstructionservicesbusiness environmentbusiness activityeconomic survey