Samolyotda qaysi o‘rindiqlarni tanlamagan ma’qul? Styuardessa tavsiyalari

Samolyotda qaysi o‘rindiqlarni tanlamaslik kerak? Styuardessa maslahatlari
Aksariyat yo‘lovchilar parvozning imkon qadar qulay o‘tishini xohlaydi. To‘g‘ri tanlangan joy nafaqat parvozni qulay qiladi, balki ko‘proq shaxsiy makon va ovqat tarqatilganda istalgan taomni tanlash imkoniyatini ham oshiradi.
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘z kasbiy tajribasi bilan bo‘lishib boradigan styuardessa Sandra Jenni Kvon ekonom klassdagi eng qulay o‘rindiqlar qaysilar ekanini ma’lum qildi. U, shuningdek, yo‘lovchilarga qaysi joylardan voz kechishni tavsiya etdi.
**Samolyotda qaysi o‘rindiqlarni tanlamagan ma’qul?**
Styuardessaning so‘zlariga ko‘ra, qatorning o‘rtasidagi o‘rindiqlar eng noqulay hisoblanadi. Chunki bunday joyda o‘tirgan yo‘lovchi na deraza tomonga bemalol suyanishi, na yonidagilarni bezovta qilmasdan yo‘lakka chiqishi mumkin.
Bundan tashqari, salonning har bir bo‘limidagi oxirgi qator o‘rindiqlari ham tavsiya etilmaydi. Aksariyat samolyotlarda bu o‘rindiqlarning suyanchiqlari umuman egilmaydi yoki juda kam egiladi. Bu esa, ayniqsa, uzoq parvozlarda sezilarli noqulaylik tug‘diradi.
Yana bir tavsiya etilmaydigan joy — favqulodda chiqish eshiklari yonidagi o‘rindiqlar. Garchi bu yerda oyoqni bemalol cho‘zish uchun ko‘proq joy bo‘lsa-da, o‘rindiq ostiga shaxsiy buyumlarni qo‘yishga ruxsat berilmaydi. Bundan tashqari, stolcha va o‘rindiq konstruksiyasi ham odatdagidan kamroq qulay bo‘lishi mumkin.
**Eng qulay o‘rindiqlar qayerda?**
Ko‘pchilik eng yaxshi o‘rindiqlar samolyotning old qismida joylashgan deb hisoblaydi. Biroq Sandra Kvon buning aksini tavsiya qiladi va orqa qatorlarga e’tibor qaratishni maslahat beradi.
Uning tushuntirishicha, aviakompaniyalar og‘irlikni bir tekis taqsimlash maqsadida avval samolyotning old qismini to‘ldirishga harakat qiladi. Natijada orqa qismdagi o‘rindiqlarda yoningiz bo‘sh qolish ehtimoli ko‘proq bo‘ladi. Bu esa parvozni ancha qulayroq o‘tkazishga yordam beradi.
Shu bilan birga, mutaxassis hojatxona yonidagi o‘rindiqlarni tanlamaslikni tavsiya qiladi. Sababi bu yerda yo‘lovchilarning doimiy qatnovi, navbatlar va ba’zan yoqimsiz hidlar parvoz taassurotini buzishi mumkin. Uning fikricha, hojatxonadan kamida besh qator naridagi o‘rindiqlarni tanlagan ma’qul.
**Ekonom klassda qaysi o‘rindiq eng maqbul?**
Sandra Kvonning aytishicha, u o‘zi hech qachon illyuminator yonidagi o‘rindiqni tanlamaydi. Sababi hojatxonaga chiqish kerak bo‘lganda yonidagi yo‘lovchilardan turishni so‘rashga to‘g‘ri keladi va bu har doim ham qulay emas.
Old qatorlarning yana bir afzalligi shundaki, ovqat aynan shu yerdan tarqatila boshlanadi. Shu sababli taom tanlovi cheklangan bo‘lsa, o‘zingiz istagan variantni olish imkoniyati yuqoriroq bo‘ladi.
Barcha omillarni hisobga olgan holda, styuardessa ekonom klassdagi eng yaxshi tanlov sifatida samolyotning orqa qismidagi yo‘lak tomondagi o‘rindiqlarni tavsiya qiladi. Xususan, salon sxemasiga qarab 49 C, 49 D, 49 F yoki 49 G o‘rindiqlari eng maqbul variant sanaladi. Uning fikricha, bu joylar yoningizdagi o‘rindiq bo‘sh qolish ehtimoli, yo‘lakka qulay chiqish va umumiy qulaylik jihatidan eng yaxshi tanlov hisoblanadi.

