Mahalliy

Samarqand shahri kengaytiriladi, Samarqand tumani tugatiladi

Samarqand shahri tarkibiga 17 226,5 gektar yer maydoni qo‘shilishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, ma’muriy-hududiy boshqaruvni optimallashtirish maqsadida Samarqand tumanini tugatish va 28 295 gektar yer maydonini Toyloq tumaniga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Samarqand shahri kengaytirilishi va Samarqand tumanining tugatilishi haqidagi masala Senatning yalpi majlisida ko‘rib chiqildi. Ushbu majlisda Samarqand viloyatining Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari hamda Samarqand shahrining chegaralarini o‘zgartirish masalasi muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, Samarqand shahrining hududini kengaytirish, uning investitsion va turistik jozibadorligini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, yuqori texnologiyali sanoat va zamonaviy xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish maqsadida Senat qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Ushbu loyihaga ko‘ra, Samarqand shahriga 17 226,5 gektar yer maydoni qo‘shilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ma’muriy-hududiy boshqaruvni optimallashtirish maqsadida Samarqand tumanini tugatish va uning 28 295 gektar yer maydonini Toyloq tumaniga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Senatorlar o‘z nutqlarida ushbu masalaning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdilar. Xususan, shahar aholisi soni 880 mingga yetib, "aholisi bir million bo‘lgan shahar" maqomiga yaqinlashishi, yangi yer maydonlarida kichik sanoat zonalari, texnoparklar va yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etilishi, xizmat ko‘rsatish, turizm va qurilish sohalarida minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi qayd etildi.

Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi yerlarini saqlab qolish va ekologik muvozanatni ta’minlash masalasiga alohida urg‘u berildi. O‘tkazilayotgan 6 263 gektar yer maydonining toifalari o‘zgartirilmasdan saqlanib qolishi ta’kidlandi.

Muhokamalardan so‘ng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

turizmiqtisodiy rivojlanishhududiy o'zgarishlarsamarqandekologiyaish o‘rinlariinvestitsiyama'muriy islohot