Samarqand shahri hududiga qo‘shni tumanlardan qariyb 17,2 ming gektar yer qo‘shib beriladi

Samarqand shahrining maydoni kengaytirilishi munosabati bilan unga qo‘shni bo‘lgan to‘rtta tumandan jami 17 226,5 gektar yer maydoni o‘tkazilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu qaror nafaqat ma’muriy o‘zgarish, balki shaharning kelajakdagi rivojlanishi uchun muhim strategik qadam sifatida baholanmoqda. Shahar tarkibiga o‘tkazilayotgan yerlar quyidagi tumanlar hissasiga to‘g‘ri keladi:
* Samarqand tumani — 13 308 gektar;
* Oqdaryo tumani — 1410,6 gektar;
* Toyloq tumani — 1265,6 gektar;
* Past Darg‘om tumani — 1242,3 gektar.
Chegaralarning qayta ko‘rib chiqilishi aholini uzoq vaqtdan beri qiynab kelgan kadastr va kommunal xizmatlardagi muammolarga barham beradi. Masalan, ilgari 4 yo‘lakli turar joy binosining ikkita yo‘lagi Samarqand tumaniga, qolgan ikkitasi esa shahar hududiga tegishli bo‘lib qolishi oqibatida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda yoki tumanda joylashgan uyning kommunal xizmatlarni boshqa hududdan olishida ko‘plab chalkashliklar yuzaga kelgan. Yangi loyiha aynan shunday muammolarni bir yo‘la hal etishi ta’kidlangan.
Shuningdek, shaharga yangi qo‘shilgan hududlarni markaz bilan samarali bog‘lash va ichki yo‘llardagi tirbandliklarni kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Transport vazirligi tomonidan transport oqimini to‘g‘ri taqsimlash va aholiga qulay jamoat transportini yaratish maqsadida ilgari ishlab chiqilgan transport master rejasi takomillashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Avvalroq Samarqand shahrining hududini hozirgi 11,2 ming gektardan 28,4 ming gektargacha oshirish rejalashtirilayotgani hamda Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatilayotgani xabar qilingan edi.

