Salkam 2 trillion so‘mlik zarar: Chirchiq daryosidagi noqonuniy faoliyat fosh etildi
Prokuratura departamenti va Ekologiya boshqarmasi Toshkent viloyatida tadbir o‘tkazdi.

**Chirchiq daryosida noqonuniy qazish ishlari natijasida qariyb 2 trillion so‘mlik zarar aniqlandi**
Chirchiq daryosi o‘zanidan ruxsatnomasiz qum-shag‘al qazib olish oqibatida davlat va jamiyatga 1,9 trillion so‘m miqdorida ziyon yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida "B.I." MChJ mas’ul shaxslari Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi o‘zanidan maxsus texnikalar yordamida tegishli ruxsatnomasiz 101,2 ming kub metr noruda foydali qazilma – qum-shag‘al xomashyosini qazib olganliklari fosh etildi.
Ushbu noqonuniy harakatlar natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga jami 1,9 trillion so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) va 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

