Saida Mirziyoyeva: Hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun jazo kuchaytirildi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat uchun javobgarlik kuchaytirilganini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, yangi qonunchilik normalari nafaqat huquqbuzarlarni jazolash, balki jamiyatda mehr-oqibat va mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.

Saida Mirziyoyeva: Hayvonlarga shafqatsizlik qilganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jazo choralari kuchaytirilgani haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 28-iyunidan boshlab ushbu turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunchilik normalari kuchga kirgan.
Endilikda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan shaxslarga nisbatan ma’muriy jarimalar ikki baravar oshirilgan. Shuningdek, bunday huquqbuzarliklar uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.
Qonunchilikka muvofiq, bu kabi noqonuniy xatti-harakatlarni takroran sodir etgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishi va ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, bunday qonunlar faqat aybdorlarni jazolash uchun emas, balki jamiyatda qanday qadriyatlar ustuvor ekanini namoyon etish uchun ham qabul qilinadi.
"Barchamiz zo‘ravonlikka murosasiz munosabatda bo‘lsakkina, jamiyatimizda xavfsizlik hukm surishi mumkin. Alloh yaratgan har bir mavjudotning qadri bor", - deya qayd etdi u.
Prezident administratsiyasi rahbari, shuningdek, bolalarda hayvonlarga va boshqa tirik mavjudotlarga mehr-oqibat tuyg‘usini shakllantirishda ota-onalarning o‘rni muhimligini ta’kidlab, farzandlarga kuchni shafqatsizlik orqali namoyon etish mumkin emasligini bolalikdan o‘rgatish zarurligini bildirdi.

