Video: “Xalqqa qaytarib bering buni. Bu xalqniki-ku!” Saida Mirziyoyeva — turar joylar hovlilaridagi qurilishlar haqida
Saida Mirziyoyeva Toshkentda hovlilardagi qurilishlarni jinoyat deb atadi. 'Xalqqa qaytarib bering buni. Bu xalqniki-ku! Hech qanaqa tanish-bilish bo‘lmasin… „Prostoy“ odamlar bu ishni qila olmaydi. G‘o‘ddaygan, o‘zidan ketgan „blatnoylar“ bu ishni qiladi', — dedi Prezident administratsiyasi rahbari. Video.

Video: “Buni xalqqa qaytarib bering. Bu xalqniki-ku!” Saida Mirziyoyeva turar joylar hovlilaridagi qurilishlar haqida gapirdi.
Gazeta avvalroq Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkentdagi Lolazor mahallasiga tashrif buyurib, Bosh prokuraturaga shahar bo‘ylab turar joylar hovlilarida amalga oshirilayotgan qurilish loyihalarining qonuniyligini tekshirishni topshirgani haqida yozgan edi. U o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilingan videoda sodir bo‘layotgan holatni jinoyat deb atagan.
“Nima balo? Gap-so‘z, butun shahar, butun OAV gapirib yotibdi. Kim nima qurmoqchi bu yerda?” — deb so‘radi Saida Mirziyoyeva.
Prezident administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziz Azimov aniqlik kiritdi: “Xususiy tadbirkor investitsiya kiritaman deb mana bu holatga olib kelgan. 2023-yilda yana o‘rayapti mana bu “zabor” bilan. O‘rab turib mahalla binosini buzyapti. Mana bu maydonchani ham buzib tashlayapti. Ana u tarafida bolalar maydonchasi bo‘lgan bizda. O‘rtada favvora bo‘lgan”.
“Bular o‘rganib olibdi-da, — dedi Saida Mirziyoyeva. — Birinchi qarashadi, keyin tashlandiqqa aylantirishadi. Keyin yopishadi sekin, daraxtlarni kesib yo‘qotishadi, betonlashadi (atrofdagilar bosh irg‘iydi). Shu bilan mana qarabsanki, zo‘r uchastka. Atrofdagilar ham: “Ha, mayli, bo‘pti, bir balo bo‘lsin, bunaqa yotgandan ko‘ra”, deydi”.
Anvar O‘rmonovga yuzlanib, u shunday dedi: “Siz shahar prokurorisiz. Qarang bu masalalarga. Kim qaraydi, sizlar qaramasalaring? Bu nima degan gap? Bu jinoyat-ku bu. Xalq kimdan norozi bo‘ladi? Bu hammasi, bu atrofdagi nechta odam bu yerda yashaydi?”
Poytaxt prokurori javob berdi: “Shug‘ullanamiz, Saida Shavkatovna, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biz xabar topganimiz zahoti…”
“Sledi za etim (shuni nazorat qil — tahr.)”, — dedi Saida Mirziyoyeva Aziz Azimovga.
“Ana endi qarang, men sizga shu topshiriqni berdim. Butun shaharda xatlov qiling. Xalqqa qaytarib bering buni. Bu xalqniki-ku! Hech kim, hech qanaqa tanish-bilish bo‘lmasin. Kuzating. Bularning orqasidan baribir ham qanaqadir kuchlar bor-da, yigitlar. Ponimayesh? “Prostoy” odamlar bu ishni qila olmaydi. G‘o‘ddaygan, o‘zidan ketgan “blatnoylar” bu ishni qiladi”, — dedi PA rahbari.
“Pokazatelno nakajem (Boshqalarga ibrat bo‘lishi uchun jazolaymiz — tahr.)”, — dedi prokuror.
“Hozir aytganingizdek, javobgar qilib, qonuniy chora ko‘rib, hamma zaborini oldirib tashlaymiz. Tekislab, bu yerga bolalar maydonchasini tiklab, odamlarga joyini qaytarib beramiz”, — dedi Aziz Azimov.
“Archa bayram qilib yubormanglar. Shaharda dizayn kodini o‘ylash kerak. Bu muhim masala”, — deya davom etdi Saida Mirziyoyeva.
“To‘ppa-to‘g‘ri, u bor, dizayn kodi”, — deb javob qildi poytaxt hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov.
“Men ko‘rib turibman sizlarning dizayn kodlaringni, sharmanda, hamma joy gul bosib ketgan”, — deya e’tiroz bildirdi PA rahbari.
“Men aytgandek, na “blatnoy” qoladi, na o‘zidan ketgan qoladi. Jazo muqarrar. Rahbarimiz gapirgan gap. Hamma teng, ponyatno? Sizlar qarab beringlar. Bo‘ptimi? Sizga ishonyapman”, — dedi u prokuratura vakillariga, shu jumladan, bosh prokuror birinchi o‘rinbosari Salom Samadovga.
“Siz ham o‘zingizni ko‘rsating”, — dedi u shahar prokuroriga.
Rahmonovga murojaat qilib, qo‘shib qo‘ydi: “Siz ehtiyot bo‘ling, dizayn kod va hokazolar. Hokimga yetkazing, mana bunaqa sharmanda qilmasin”.
“Xo‘p bo‘ladi. Xo‘p bo‘ladi”, — deb javob berdi u.

