Rossiyaning Mordoviya hududida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida YTH ro‘y berdi: 2 kishi halok bo‘ldi
Rossiyaning Mordoviya Respublikasida yuk mashinasi O‘zbekiston davlat raqamidagi Spark avtomobiliga urilishi oqibatida 2 o‘zbekistonlik vafot etdi, yana 3 fuqaro jarohat oldi. Bosh konsulxona jasadlarni vatanga qaytarish choralarini ko‘rmoqda.

Rossiyaning Mordoviya hududida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi (YTH) oqibatida ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Qozon shahridagi Bosh konsulxona xabar berdi.
Voqea 6-avgust kuni Mordoviya Respublikasining Lyambir tumanida, Bloxino qishlog‘i yaqinidagi M-5 “Ural” avtomagistralida yuz bergan. Hodisaga “MAZ” yuk avtomashinasi va O‘zbekiston davlat raqami bilan harakatlanayotgan Spark avtomobili o‘rtasidagi to‘qnashuv sabab bo‘lgan.
YTH natijasida O‘zbekistonning ikki fuqarosi – 30 yoshli A.A.P. va 29 yoshli B.Sh.A. halok bo‘lgan. Yana uch nafar fuqaro – 24 yoshli A.R.P., 37 yoshli B.M.A. va 20 yoshli A.M.P. turli darajadagi jarohatlar bilan Mordoviyaning markaziy klinik shifoxonasiga yotqizilgan.
Rossiya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 58 yoshli mahalliy fuqaro boshqaruvidagi “MAZ” yuk mashinasi to‘xtab turgan Spark avtomobiliga urilgan. Tarqalgan fotosuratlarda qora rangli Spark (davlat raqami 90 N 146 TA) orqa qismidan jiddiy shikastlanganini ko‘rish mumkin.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lganlarning ikkisi ham yo‘lovchi bo‘lgan. Spark haydovchisi va yana ikki yo‘lovchi kasalxonaga yotqizilgan. Yuk mashinasi haydovchisi jabrlanmagan. YTH yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olganini ma’lum qildi. Vafot etganlarning jasadlari sud-tibbiy ekspertiza va boshqa zarur jarayonlardan so‘ng O‘zbekistonga qaytarilishi tashkil etiladi. Shuningdek, jabrlanganlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgandan so‘ng ular shifoxonadan chiqarilgan.

