Siyosat

Rossiyada Litva fuqarosi josuslik uchun 13,5 yilga qamaldi

Rossiyaning Kaliningrad viloyati sudi Litva fuqarosini josuslikda aybdor deb topib, 13 yil 6 oy muddatga qattiq tartibli koloniyaga hukm qildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2011–2024-yillar davomida davlat siri hisoblangan ma’lumotlarni xorijiy davlatga yetkazib bergan.

Rossiyada Litva fuqarosi josuslikda ayblanib, 13,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Kaliningrad viloyati sudi mintaqada istiqomat qilgan Litva fuqarosini josuslikda aybdor deb topib, uni 13 yil 6 oy muddatga qattiq tartibli koloniyaga hukm qildi. Bu haqda sud matbuot xizmati xabar berdi.

Kaliningrad viloyati prokuraturasining ma’lumotlariga ko‘ra, 48 yoshli erkak 2011-yildan 2024-yilgacha Rossiya hududida bo‘lib, davlat siri hisoblangan ma’lumotlarni to‘plagan va ularni xorijiy davlatga yetkazib bergan.

Sud hukm chiqarishda ayblanuvchining og‘ir surunkali kasalliklari borligini yengillashtiruvchi holat sifatida hisobga olgan.

"Mediazona" nashrining yozishicha, hukm qilingan shaxs Aleksandr Polyachkov bo‘lib, u 2021-yil iyun oyida josuslik bo‘yicha jinoyat ishi doirasida hibsga olingan.

Polyachkov Litvaning Klaypeda shahrida tug‘ilgan. Keyinchalik u Kaliningrad viloyatiga ko‘chib o‘tgan va 2014-yildan boshlab qimmatbaho toshlarga ishlov berish hamda zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan "Amberus" kompaniyasiga rahbarlik qilgan.

russiaimprisonmentespionagecourt verdictlithuaniakaliningradalexander polyachkovstate secrets