Siyosat

Rossiyada ikki yil ichida oltita generalga suiqasd qilindi (ro‘yxat)

**Rossiyada ikki yil ichida oltita generalga suiqasd uyushtirildi (ro‘yxat)**

Urush boshlanganidan buyon Rossiyaning yuqori martabali generallari nafaqat jang maydonida halok bo‘ldi, balki front ortida ham suiqasd qurboni bo‘ldi. Moskva va Moskva viloyatida sodir bo‘lgan portlashlarda kamida uch general hayotdan ko‘z yumdi, yana biriga o‘q uzildi, ammo u tirik qoldi.

So‘nggi qurbon, taxminlarga ko‘ra, 2026-yil may oyida Rossiya Havo-kosmik kuchlari rahbari etib tayinlangan Aleksandr Chayko bo‘lishi kerak edi. Aynan uni 1-avgust kuni Moskvadagi “Balzi Rossi” restoranida sodir bo‘lgan portlashda nishonga olish rejalashtirilgan edi. Biroq, hukumat bu borada deyarli hech qanday rasmiy bayonot bermadi. “Meduza” ikki yil ichida suiqasdga uchragan olti nafar general haqida ma’lumot berdi.

**2024-yil dekabr**

Rossiyaning radiatsion, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i Igor Kirillov qo‘poruvchilik natijasida o‘ldirilgan birinchi yuqori martabali general bo‘ldi. U Moskvaning Ryazan prospektidagi uyidan chiqishda samokatga o‘rnatilgan bomba portlashi oqibatida halok bo‘lgan.

U bilan birga uning yordamchisi Ilya Polikarpov ham vafot etgan. Teraktni ijro etishda O‘zbekiston fuqarosi ayblangan, u so‘roq paytida Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollanganini aytgan. Erkak umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

**2025-yil aprel**

Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, general-leytenant Yaroslav Moskalik Balashixa shahrida sodir bo‘lgan portlashda halok bo‘ldi. Bomba turar joy binosi hovlisida to‘xtab turgan Volkswagen avtomobiliga o‘rnatilgan. General-leytenant mashinaga yaqinlashganda u portlagan.

Moskalikni o‘ldirishda ayblanib Ignat Kuzin qo‘lga olingan. Tergov uni “Ukraina maxsus xizmatlari agenti” deb atagan. U ham umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

**2025-yil dekabr**

Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi tezkor tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i, general-leytenant Fanil Sarvarov o‘z avtomobili portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Portlash Moskva janubidagi Yaseneva ko‘chasidagi avtoturargohda sodir bo‘lgan. General mashinaga o‘tirib, bir necha metr haydashga ulgurgan.

Tergov qo‘mitasi Sarvarovning o‘ldirilishidan so‘ng jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Biroq, qo‘lga olinganlar yoki gumonlanuvchilar haqida ma’lumot berilmagan.

**2026-yil fevral**

General-leytenant Vladimir Alekseyev Moskvadagi turar joy binosidan chiqayotganida otib o‘ldirilgan. U Rossiya Bosh shtabi Bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

U, xususan, Yevgeniy Prigojin isyoni paytida “Vagner” rahbari bilan muzokarada ishtirok etgan. Tergovchilar Alekseyevni Ukraina bilan urushda ishtirok etayotgan Rossiya “ko‘ngillilar” tuzilmalarining asosiy kuratorlaridan biri deb atagandi.

**2026-yil aprel**

General-mayor Azatbek Umurbekov 2022-yilda Kiyev viloyatiga bostirib kirgan 64-motoo‘qchi brigadasiga qo‘mondonlik qilgan. Ukraina hukumati ushbu brigada harbiylarini Bucha shahridagi tinch aholini o‘ldirish va qiynoqlarga aloqador deb hisoblaydi.

Umurbekovga suiqasd haqida faqat anonim Telegram kanallar yozgan. “VCHK-OGPU” kanali ma’lumotlariga ko‘ra, portlovchi qurilma Xabarovsk o‘lkasidagi Knyaze-Volkonskoye-1 qishlog‘idagi harbiy garnizon hududidagi pochta qutisiga joylashtirilgan. Portlash oqibatida o‘quv aloqa batalyoni komandiri halok bo‘lgan. Bu suiqasd haqida boshqa hech narsa ma’lum emas.

**2026-yil avgust**

General-polkovnik Aleksandr Chayko suiqasd qilinganlar orasida eng yuqori martabali generallardan biridir. 2026-yil may oyida u Rossiya Havo-kosmik kuchlari rahbari etib tayinlangan. Iyul oyining oxirida 55 yoshni qarshilagan. 1-avgust kuni Moskvadagi Barrikada ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyda, Chayko tug‘ilgan kunini nishonlagani taxmin qilinayotgan “Balzi Rossi” restorani yonida portlash sodir bo‘lgan.

Rasmiy ravishda uning ismi hech qayerda tilga olinmagan. Uning suiqasd nishoni bo‘lgani haqida Telegram kanallar xabar bergan. Tergov qo‘mitasi hozircha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bermagan.

ukraine warrussian generalsassassinationsigor kirillovyaroslav moskalikfanil sarvarovvladimir alekseyevaleksandr chayko