Rossiya Xarkiv va Odessaga, Ukraina – Belgorodga zarba berdi
Zelenskiy 40 kunlik «ta’sir operatsiyasi» yakunlarini sarhisob qildi va logistika bo‘ylab yangi zarbalar bilan tahdid qildi.

Rossiya Xarkiv va Odessaga hujum qildi, Ukraina esa Belgorodga zarba berdi.
**Belgorod**
9-avgustga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Belgorod shahriga hujum qildi. Belgorod oblasti operativ shtabining xabariga ko‘ra, ushbu hujum natijasida 29 ta ko‘p kvartirali uy, uchta ma’muriy bino, uchta ijtimoiy va oltita tijoriy ob’yekt shikastlangan.
Dastlab, Belgorod oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Shuvayev hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lgani va 25 kishi, jumladan, to‘rt va to‘qqiz yoshli bolalar jarohatlangani haqida ma’lumot bergan edi. Bolalardan biri shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, uning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda baholangan. Keyinroq, operativ shtab ko‘p kvartirali uylardan birining vayronalarini tozalash chog‘ida yana bir erkakning jasadi topilganini e’lon qildi. Shuningdek, o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga olib borilgan yana bir erkak vafot etgan, shu bilan qurbonlar soni besh nafarga yetgan.
Ushbu hujum, vayrongarchilik ko‘lami bo‘yicha 2023-yil 30-dekabrdan buyon eng jiddiy zarba bo‘ldi. O‘shanda raketa zarbalari natijasida 25 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi yaralangan va 30 ta ko‘p kvartirali uy shikastlangan edi.
5-avgust kuni gubernator Shuvayev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ukrainaning Rossiya bo‘ylab zarbalarni kuchaytirishi natijasida uning boshqaruvidagi hudud eng ko‘p zarar ko‘rayotganini ta’kidlagan edi.
**Xarkiv va Odessa**
9-avgust kuni tongda Rossiya qo‘shini Xarkivga zarba berdi. Mahalliy rasmiylarning xabariga ko‘ra, raketalardan biri Saltovka tumanidagi ko‘p qavatli turar joy binosiga kelib tushgan va uning yettinchi qavatidan to‘qqizinchi qavatigacha bo‘lgan qismi vayron bo‘lgan. Ushbu binoga qo‘shni joylashgan yana bir ko‘p qavatli uy ham zarba ostida qolgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xarkivga qilingan hujum natijasida ikki kishi halok bo‘lgan va 37 kishi jarohatlangan.
Bundan tashqari, Rossiya Odessaga ham raketa va dronlar bilan hujum qildi. Shaharning ikki tumanida bir nechta turar joy binolari shikastlangan va qisman vayron bo‘lgan. Jami 12 kishi jarohat olgan.
**Zelenskiy – Rossiyaga «ta’sir operatsiyasi» haqida**
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaga qarshi o‘tkazilgan 40 kunlik «ta’sir operatsiyasi» natijalaridan mamnunligini bildirdi va uni «muvaffaqiyatli» deb atadi. Bu haqda u Ukraina telemarafonida ma’lum qildi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Ukraina logistikasiga zarba berishni kuchaytirgach, Ukraina bunga «javob qaytarish»ga qaror qilgan. «U yerda yo‘qotishlar jiddiy – trillion rubl… Bu ukrain kuchlarining juda muvaffaqiyatli amaliyoti bo‘ldi. Shubhasiz, men mamnunman. Ular qancha yo‘qotishganini, katta muammolarga duch kelishganini bilamiz», – dedi Zelenskiy va amaliyotda Ukraina qurolli kuchlari, Maxsus amaliyotlar kuchlari, harbiy razvedka hamda Ukraina xavfsizlik xizmati ishtirok etganini qo‘shimcha qildi.
Zelenskiy Moskvani Ukraina Rossiyaning «zaif joylaridan xabardorligi» haqida ogohlantirdi:
«Logistika – faqat ukrainlarning emas, balki barchaning zaif joyidir. Logistika – bu kundalik hayot, odatlardir. Bizda Rossiya tajovuzi boshlanganidan buyon normal hayot, bunday odatlar yo‘q. Rossiyadagilar buni sezmagan. Albatta, Rossiyada mahsulot logistika buzilishi tufayli iste’molchiga yetib bormasa, Rossiyadagi odamlar ham buni his qilishi aniq... Men Rossiyaga Ukraina logistikasiga zarba berishni davom ettirishni maslahat bermagan bo‘lardim, chunki biz Rossiya logistikasini o‘rganib chiqdik.»
U Rossiya «elektr tarmoqlari va energetika ob’yektlarini himoya qilish uchun Moskva atrofida havo hujumidan mudofaa tizimlarining uchta halqasini hosil qilgani»ni ta’kidladi. Uning fikricha, Moskvadagilar Ukraina Rossiya hujumlariga mos ravishda javob qaytarishini biladi.
Zelenskiy Rossiyaga qarshi 40 kunlik «ta’sir operatsiyasi» haqida iyun oyi oxirida e’lon qilgan edi. U bu amaliyotdan maqsad «tajovuzkor davlatni urushni to‘xtatishga undash» ekanini aytgan edi.
«Ta’sir operatsiyasi» davrida Ukraina Wildberries’ning kamida 20 ta omboriga, kamida 25 ta neftni qayta ishlash zavodlari va neft-gaz infratuzilmasidagi boshqa ob’yektlarga zarba berdi, shuningdek, Qora dengiz va Azov dengizida tankerlar hamda yuk kemalariga kamida 200 marta hujum uyushtirdi. O‘z navbatida, Rossiya Ukrainani ballistik raketalar bilan o‘qqa tutishni kuchaytirdi. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida 381 ta raketa uchirilgan – bu urush boshidan buyon istalgan oydagidan ko‘ra ko‘proqdir.

