Rossiya va Suriya harbiy bazalar bo‘yicha yangi kelishuvga erishdi

Rossiya va Suriya harbiy bazalar bo‘yicha yangi kelishuvga erishdi. Damashq va Moskva Rossiyaning Suriyadagi harbiy mavjudligini qayta tashkil etish bo‘yicha memorandum imzoladi. Bu haqda SANA Suriya Tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar berdi.
Kelishuvga ko‘ra, Hmeymim aeroporti va Tartus portidagi tijoriy obyektlar Suriya fuqarolik boshqaruviga o‘tkaziladi, Rossiyaning harbiy obyektlari esa qo‘shma Suriya–Rossiya o‘quv markazlariga aylantiriladi.
Suriya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Damashq Hmeymim aeroporti va Tartus portidagi 4-sonli savdo kemalari bandargohini fuqarolik boshqaruviga oladi. Keyinchalik bu obyektlarni mamlakatning fuqarolik infratuzilmasiga bosqichma-bosqich integratsiya qilish rejalashtirilgan.
Tomonlar hozirda harbiy maqsadlarda foydalanilayotgan obyektlarning rolini ham qayta ko‘rib chiqishga kelishgan. Rossiya harbiy bazalari ikki davlat manfaatlari hisobga olingan holda Suriya–Rossiya qo‘shma mashg‘ulot markazlariga aylantiriladi.
Yangi kelishuvlar uch oydan oshmaydigan o‘tish davridan so‘ng kuchga kiradi. Suriya TIV kelishuv Damashq va Moskva o‘rtasidagi bir yarim yil davom etgan muzokaralar yakuni ekanini ma’lum qildi.
Rossiya rasmiylari hozircha ushbu ma’lumot yuzasidan izoh bermagan.
**Rossiyaning Suriyadagi asosiy harbiy obyektlari**
Hozirda Rossiya Suriyaning Latakiya viloyatidagi Hmeymim aviabazasi hamda Tartusdagi Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining moddiy-texnik ta’minot punktini nazorat qiladi.
Rossiyaning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Bashar Asad rejimining ag‘darilishi Moskvaning yangi Suriya hukumati bilan hamkorligi taqdirini savol ostida qoldirgandi.
2025-yil yanvarida Suriya hukumati Rossiyaning Tartus portini boshqarish bo‘yicha kompaniyasi bilan tuzilgan kelishuvni bekor qilgan edi. Mazkur port hududida Rossiyaning harbiy-dengiz bazasi joylashgan.
2025-yil oktabr oyida esa Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara’a Moskvaga tashrif buyurib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan edi. Uchrashuv davomida u Suriyaning yangi hukumati Rossiya bilan avval imzolangan barcha kelishuvlarni hurmat qilishini bildirgandi.

