Putin O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan harbiy hamkorlikni yangilamoqchi

Putin O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan harbiy hamkorlikni yangilash niyatida.
Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin hukumatga Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan harbiy-texnik hamkorlik shartnomalariga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni topshirdi. Bu haqda The Insider xabar berdi.
Tegishli ikkita farmoyish 27-iyul kuni imzolangan va rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilingan. Ular Qozog‘iston bilan 2013-yil 24-dekabrdagi shartnoma va O‘zbekiston bilan 2016-yil 29-noyabrdagi shartnomaga taalluqlidir.
Amaldagi shartnomalar nafaqat Rossiya qurollarini ushbu mamlakatlarga sotishni, balki harbiy mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ham tartibga soladi. Unga qurol-yarog‘, harbiy texnika, ishlar va xizmatlar, harbiy-texnik axborot, texnologiyalar, konstruktorlik, shuningdek, texnik, texnologik va foydalanish hujjatlari kiritilgan. Bitimlar qurol-yarog‘larni ta’mirlash va modernizatsiya qilish, oʻzaro tadqiqot va ishlanmalar, qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil etish va mutaxassislar tayyorlashni nazarda tutadi.
Har ikkala shartnoma bo‘yicha yetkazib berishlar vakolatli tashkilotlar o‘rtasidagi shartnomalar asosida amalga oshiriladi. Harbiy mahsulotlarni olib kirish va olib chiqish tomonlarning davlat organlari tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar asosida amalga oshiriladi. Shartnomalar qurol-yarog‘, butlovchi qismlar va ular bilan bog‘liq xizmatlarni nafaqat Rossiyadan Qozog‘iston va O‘zbekistonga, balki teskari yo‘nalishda ham yetkazib berish imkonini beradi.
Maʼlumot oʻrnida, Ukrainaga qarshi urush sababli Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qurol-yarog‘, harbiy mahsulotlar, ikki maqsadli tovarlar, jumladan, elektron va optik komponentlar, dvigatellar va dron qismlari eksportini taqiqlagan. AQSH, Rossiya harbiy sanoatini qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan texnologiyalar, dasturiy ta’minot va uskunalarni yetkazib berish va qayta eksport qilishga cheklovlar oʻrnatgan.
AQSH, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Yaponiya qurol ishlab chiqarish uchun Rossiya sotib olishga urinayotgan 50 toifadagi tovarlar ro‘yxatini tuzib chiqqan. Unga mikrosxemalar, radionavigatsiya apparatlari, kondensatorlar, optik asboblar, podshipniklar, uchish apparatlarining detallari va ayrim turdagi stanoklar kiradi.
Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Ukraina O‘zbekistondagi ikkita kompaniyaga, Raw Materials Cellulose va Farg‘ona kimyo zavodiga qarshi sanksiyalar kiritgandi. Mazkur kompaniyalarning paxta sellyulozasidan Rossiya Qurolli kuchlari uchun qurol ishlab chiqarishda foydalanilgani aytilgan.

