Layfstayl

Ronalduning to‘yiga qaysi mashhurlar kelishi ma'lum bo‘ldi — The Sun

**Ronaldu va Jorjinaning to‘yiga keladigan mashhurlar ro‘yxati ma’lum bo‘ldi – The Sun**

Besh karra “Oltin to‘p” sohibi Krishtianu Ronaldu va uning sevgilisi Jorjina Rodriges futbolchining tug‘ilib o‘sgan joyi – Madeyra orolida turmush qurishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Britaniyaning The Sun nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 41 yoshli portugaliyalik hujumchi va 32 yoshli modelning to‘y marosimi 8-avgustga belgilangan. Juftlik diniy marosim uchun orol poytaxti Funshal shahridagi cherkovni band qilgan. Asosiy ziyofat esa besh yulduzli Savoy Palace mehmonxonasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Gossip Magazine nashrining yozishicha, ushbu tadbirga yakkakurash olami yulduzlari – rossiyalik Habib Nurmagomedov va irlandiyalik Konor Makgregor taklif etilgan. Shuningdek, kutilayotgan mehmonlar ro‘yxatidan Rio Ferdinand, Vinisius, Kilian Mbappe, Rodrigo kabi taniqli futbolchilar, aktyor Vin Dizel, teleboshlovchi Pirs Morgan, xonandalar Rianna, Jennifer Lopes, Dreyk, Trevis Skott hamda mashhur bloger IShowSpeed joy olgan.

Eslatib o‘tamiz, Ronaldu va Jorjina 2016-yildan buyon birga yashab keladi. Ular besh nafar farzandni (Krishtianu-kichik, surrogat onadan tug‘ilgan egizaklar Yeva va Mateo hamda umumiy qizlari Alana Martina va Bella Esmeraldani) tarbiyalamoqda. Juftlik 2025-yilning avgust oyida rasman unashtirilgan edi.

Futbol tarixidagi eng yaxshi to‘purarlardan biri bo‘lgan Ronaldu 2023-yildan buyon Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. Faoliyatining katta qismini “Real Madrid”da o‘tkazgan hujumchi klub bilan to‘rt marta Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan. Shuningdek, u “Sporting”, “Yuventus” va “Manchester Yunayted” klublarida ham to‘p surgan.

Yaqindagina yakuniga yetgan JCH-2026 turnirida portugaliyalik yulduz 3 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi, biroq uning jamoasi 1/8 finalda bo‘lajak chempion – Ispaniyaga imkoniyatni boy berib (0:1), musobaqani tark etdi.

georgina rodriguezcelebritiesweddingmadeirafootballcristiano ronaldoguestsal-nassr