12 mln dollarlik to‘y: Ronaldu va Jorjina dabdabali to‘yga tayyorgarlik ko‘rmoqda

12 million dollarlik to‘y: Ronaldu va Jorjina dabdabali marosimga hozirlik ko‘rmoqda
OAV xabarlariga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning nikoh to‘yi joriy yilning avgust oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Portugaliya nashrlarining yozishicha, to‘y marosimi futbolchining tug‘ilgan joyi – Madeyra orolida o‘tkaziladi. Nikoh Funshal soborida bo‘lib o‘tishi, bayram ziyofati esa orolning eng hashamatli mehmonxonalaridan birida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Qizig‘i shundaki, Ronalduning jahon miqyosidagi shuhratga erishish yo‘li aynan shu yerdan boshlangan edi, endi esa u hayotida yana bir muhim qadamni tashlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Kelin-kuyovni tabriklash uchun futbolchining do‘stlari, jumladan, Kilian Mbappe, Vinisius Junior, Rodrigo, Karim Benzema, Zinedin Zidan, Neymar, Rio Ferdinand va boshqalar tashrif buyuradi.
Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodriges: zamonaviy ertak qanday boshlangan?
Shou-biznes olamidan taklif etilgan mehmonlar ro‘yxati ham katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi: bayramda Rianna, Jennifer Lopes, Dreyk, Jastin Biber, Trevis Skott, Vin Dizel, blogerlar MrBeast va IShowSpeed, shuningdek, teleboshlovchi Pirs Morgan ham ishtirok etishi mumkin.
Taklif etilganlar orasida Habib Nurmagomedov va Konor Makgregorning ham borligi haqidagi xabar muxlislarning alohida e’tiborini tortdi. 2018-yilda rossiyalik sportchining g‘alabasi bilan yakunlangan jangda to‘qnash kelgan afsonaviy raqiblar bu safar oktagonda emas, balki bayram dasturxoni atrofida uchrashishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Ronaldu va Rodriges 2016-yildan beri birga bo‘lib, besh nafar farzandni tarbiyalaydi: kichik Krishtianu, surrogat onadan tug‘ilgan egizaklar Yeva va Mateo, hamda ikki qizi — Alana Martina va Bella Esmeralda.
Juftlik o‘tgan yilning avgust oyida unashtirilganini e’lon qilgandi. O‘shanda Jorjina Rodriges hashamatli nikoh uzugini ko‘rsatib, Krishtianuga rozilik berganini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng futbolchi qaylig‘ini bir necha bor qimmatbaho sovg‘alar — Porsche Taycan elektromobilidan tortib, eksklyuziv soatlar, dizaynerlik sumkalari va kiyimlari bilan xursand qildi.
Shundan keyin Ronaldu to‘yga tayyorligini, biroq buning uchun qulay fursatni — jahon chempionatidan keyingi vaqtni tanlamoqchi ekanligini bir necha bor aytgan.
Mish-mishlarga ko‘ra, futbolchi to‘y marosimini tashkil etish uchun qariyb 12 million dollar sarflashi mumkin. Agar bu ma’lumot tasdiqlansa, to‘y haqiqatan ham yilning eng ko‘p muhokama qilinadigan yirik tadbirlaridan biri bo‘ladi.

