Qulay shahar muhiti — aniq yechimlar orqali: mutasaddilar muhim loyihalar bilan tanishdi
Bu ishlar Prezident Administratsiyasi rahbarining topshiriqlari doirasida amalga oshirilmoqda. Asosiy vazifa — bog‘ni odamlar uchun

Qulay shahar muhiti: mutasaddilar muhim loyihalar bilan tanishdi
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi masalalari bo‘yicha departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziz Azimov hamda shahar boshqarmalari, mutasaddi idoralar va tuman hokimliklari rahbarlari zamonaviy, xavfsiz va hammabop jamoat makonlarini yaratishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdilar.
Dastlab, poytaxt hovlilaridagi bolalar va sport maydonchalariga o‘rnatish uchun taklif etilayotgan jihozlar namunalari ko‘zdan kechirildi. Konstruksiyalarning sifati, xavfsiz qoplamasi, jihozlarning uzoq muddatga chidamliligi, shuningdek, imkoniyati cheklangan bolalar va kattalar uchun sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Mutasaddilarga zamonaviy xavfsizlik, sifat va inklyuzivlik talablariga javob beradigan jihozlar o‘rnatilishini ta’minlash topshirildi. Bolalar va sport maydonchalari nomiga qurilgan obyektlar emas, balki barcha aholi bemalol foydalana oladigan to‘laqonli maskanlar bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Navbatdagi manzil Yunusobod tumani bo‘ldi. Bu yerda Yangishahar va Amir Temur ko‘chalarining ayrim uchastkalarida 24/7 formatidagi hududni barpo etish ishlari davom etmoqda. Obyektda obodonlashtirish, piyodalar yo‘laklarini tashkil etish, servis obyektlarini joylashtirish, yoritish, ko‘kalamzorlashtirish, xavfsizlikni ta’minlash va hududdan kecha-yu kunduz foydalanish masalalari o‘rganildi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan aniq chora-tadbirlar va ularni bartaraf etish muddatlari belgilab olindi.
Uchinchi manzilda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tutash hududni kompleks rivojlantirish va uni ochiq jamoat bog‘iga aylantirish ishlariga start berildi. Bu ishlar Prezident Administratsiyasi rahbarining topshiriqlari doirasida amalga oshirilmoqda. Asosiy vazifa — bog‘ni odamlar uchun ochiq, o‘zaro bog‘langan va qulay maskanga aylantirishdan iborat.
Loyiha doirasida quyidagilar ko‘zda tutilgan:
— bog‘ga kirishni cheklaydigan panjarali to‘siqlarni olib tashlash;
— qulay kirish yo‘laklarini va yagona piyodalar yo‘nalishlari tarmog‘ini yaratish;
— nogironligi bor shaxslar, keksalar, bolali oilalar va bolalar aravachasi bilan keluvchilar uchun to‘laqonli to‘siqsiz muhitni shakllantirish;
— yashil maydonlarni saqlab qolish, soya-salqin sayr hududlari va sokin hordiq uchun joylar yaratish;
— zamonaviy yoritish, navigatsiya va xavfsizlik vositalarini o‘rnatish.
Amalga oshirilayotgan ishlarning bosh maqsadi shunchaki jihozlar o‘rnatish yoki ayrim hududlarni obodonlashtirish emas, balki aholi har kuni foydalana oladigan hammabop, xavfsiz va qulay makonlar yaratishdir.

