Sport

Qozog‘iston terma jamoasining yangi bosh murabbiyi ma’lum bo‘ldi

Qozog‘iston milliy terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlanishi kutilmoqda. Bu lavozimga niderlandiyalik mutaxassis Jon vant Sxip nomzodi ilgari surilgan. Qozog‘iston futbol federatsiyasi (QFF) rasmiy sayti ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar bu borada kelishuvga erishgan.

Murabbiyning tayinlanishi QFF ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangach, rasmiy tus oladi. Yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan qo‘mita yig‘ilishidan so‘ng Jon vant Sxip bilan shartnoma imzolanishi rejalashtirilgan.

Jon vant Sxip murabbiylik faoliyatini "Ayaks" klubida boshlagan. U turli vaqtlarda Amsterdam klubida bosh murabbiy sifatida ishlagan, shuningdek, Niderlandiyaning "Tvente" va "Zvolle", Meksikaning "Gvadalaxara" hamda Avstraliyaning "Melburn Siti" jamoalariga ustozlik qilgan. 2016-yilda u "Melburn Siti" bilan Avstraliya Kubogini qo‘lga kiritgan. Xalqaro miqyosda esa Gretsiya va Armaniston milliy terma jamoalarini boshqargan.

Federatsiya xabariga ko‘ra, Qozog‘iston milliy terma jamoasining murabbiylar shtabida asosan mahalliy mutaxassislar faoliyat yuritadi. Jumladan, Nurbol Jumaskaliyev va Yeldos Axmetov yordamchi murabbiy, Yuriy Novikov darvozabonlar murabbiyi, Vadim Borovskiy jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy, Timur Kusainov esa tahlilchi vazifasini bajaradi.

tayinlovqozog'iston terma jamoasijon vant sxipmurabbiylar shtabifutbol federatsiyasifutbolsportbosh murabbiy