Qozogʻistonda erkak oʻlgan onasining millatini oʻzgartirdi

Qozogʻistonda bir fuqaro vafot etgan onasining millatini oʻzgartirishni soʻradi. Bu haqda Tengrinews Jambil viloyati sudiga tayanib xabar berdi.
Erkak oʻzining tugʻilganlik dalolatnomasidagi onasining millatini oʻzgartirishni talab qildi. Hujjatda uning onasi "rus" deb koʻrsatilgan edi. Biroq, sud jarayonida taqdim etilgan hujjatlar ayolning bobosi va buvisi chex hamda nemis millatiga mansub boʻlganligini tasdiqladi.
Sud xabariga koʻra, "Nikoh (er-xotinlik) va oila toʻgʻrisida"gi kodeks talablariga muvofiq, onaning millati uning tugʻilganida chex yoki nemis deb qayd etilishi lozim edi.
Dastlab, tegishli davlat korporatsiyasi hujjatga oʻzgartirish kiritishdan bosh tortgan. Ayol vafot etganligi sababli, uning shaxsiy maʼlumotlarini odatiy tartibda oʻzgartirish imkoni boʻlmagan. Bu holat erkakning oʻz milliy mansubligi haqidagi maʼlumotlarni ham oʻzgartirish imkoniyatini cheklab qoʻygan.
**Sud qanday qaror qabul qildi?**
Ixtisoslashtirilgan tumanlararo maʼmuriy sud erkakning daʼvosini qanoatlantirdi. Javobgarga uning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuviga tuzatishlar kiritish va onasining millatini "rus"dan "chex"ga oʻzgartirish majburiyati yuklatildi. Agar sud qarori bir oy ichida ijro etilmasa, javobgarga 50 BHM (oylik hisob-kitob koʻrsatkichi) miqdorida jarima solinishi mumkin.

