Mahalliy

Qoraqalpog‘istonda 741 mln so‘mlik gaz ballonlari talon-toroj qilindi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumanida 741 million so‘mlik gaz ballonlari o‘zlashtirilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Departamentning Kegeyli tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda "Kegeylitumangaz" ta’minoti bo‘limining moddiy javobgar shaxslari 781 dona suyultirilgan gaz ballonini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani ma’lum bo‘ldi. Ballonlarning umumiy qiymati 741 million so‘mni tashkil etadi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida aholiga gaz ballonlarini yetkazib berishda muammolar kuzatilayotgani va Energetika vazirligi bu murojaatlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazayotgani haqida xabar berilgan edi.

uzbekistankarakalpakstanenergy sectorembezzlementcriminal casegas cylinderstheftkegeyli district