Qirg‘iziston va O‘zbekiston rasman hudud almashish jarayonini boshladi (foto)

Qirg‘iziston va O‘zbekiston rasman hudud almashish jarayonini boshladi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidentining Botken viloyatidagi vakolatxonasi xabar berdi.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston Farg‘ona viloyati tarkibida bo‘lgan Cho‘ng‘ara va Toshtepa qishloqlarini rasman topshirish bo‘yicha tashkiliy-texnik ishlarni boshladi. Bu jarayon Qirg‘iziston—O‘zbekiston davlat chegarasini demarkatsiya qilish va yer uchastkalarini almashish bo‘yicha kelishuvlar doirasida amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat qo‘shma ishchi komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi 24-iyul kuni Qadamjoy tumanida bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar topshirilayotgan hududlar aholisining fuqarolik maqomi, ko‘chirish, mulk, xo‘jalik faoliyati va boshqa tashkiliy masalalarni muhokama qildi.
3-avgustdan boshlab qo‘shma ishchi guruh bevosita qishloqlarda ish boshladi. Mutaxassislar aholini ro‘yxatga olib, keyingi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini tushuntirmoqda.
Qirg‘iziston tomoniga prezidentning Botken viloyatidagi vakilining birinchi o‘rinbosari Baqtibek To‘qsonboyev, O‘zbekiston tomoniga esa IIV Migratsiya va personallashtirish departamenti rahbari o‘rinbosari Behzod Sayfullayev boshchilik qilmoqda.
Cho‘ng‘ara va Toshtepa qishloqlarida asosan etnik qirg‘izlar istiqomat qiladi. Ushbu ikki aholi punktining aholisi soni 2,5 ming kishiga yaqinni tashkil etadi.
Ro‘yxatga olish yakunlangach, fuqarolarga Qirg‘iziston fuqaroligini berish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartib-taomillar boshlanadi. Buning evaziga Qirg‘iziston tomoni O‘zbekistonga maydoni bo‘yicha teng yer uchastkalarini beradi.
Avvalroq O‘zbekiston va Qirg‘iziston ikki mamlakat fuqarolarini chegaradan o‘tgandan so‘ng 15 kun davomida majburiy ro‘yxatdan o‘tishdan ozod qilishga kelishib olgandi.

