Mahalliy

Qashqadaryoda yangi qurilayotgan ko‘prikning balkasi tushib ketdi (video)

Qashqadaryoda yangi qurilayotgan ko‘prikning balkasi qulab tushdi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida qurilayotgan ko‘prikning balkasi bir tomonga og‘ib ketgani aks etgan video tarqaldi. Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi ushbu holat yuzasidan “Daryo”ga izoh berdi.

Voqea 6-avgust kuni M-39 Olmaota—Bishkek—Toshkent—Shahrisabz—Termiz avtomobil yo‘lining 1255-1315-kilometr (60 km) qismini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasidagi obyektda, Islom taraqqiyot banki va OPEK jamg‘armasi ishtirokida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari vaqtida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, yangi qurilayotgan ikki sathli qayrilib olish sunʼiy inshootining balkalari montaj qilinayotgan bo‘lgan. Montaj jarayonida kranning bir tomoni oldin ko‘tarilgani sababli balkaning ikkinchi tomoniga ortiqcha yuk tushgan va natijada balka sinib, qulab tushgan.

“Ko‘prik balkasi (ayniqsa, oldindan zo‘riqtirilgan beton balka) yig‘ish paytida ishdan chiqishi mumkin, chunki u duch keladigan yuk sharoitlari balka mo‘ljallangan sharoitlardan butunlay farq qilishi mumkin. Balkalar odatda vertikal ravishda ishlash va o‘z og‘irligini shu o‘q bo‘ylab o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. Loyiha doirasida quruvchi konsultant tashkilot tomonidan ham ushbu holat tasdiqlangan”, deyiladi rasmiy izohda.

Hodisa oqibatida hech kimga, shuningdek, atrof-muhitga zarar yetmagan. Voqea yuzasidan quruvchi tashkilot tomonidan barcha bartaraf etish choralari ko‘rilib, singan balka bo‘laklari obyekt hududidan olib tashlangan.

Hozirda loyiha Muhandis-maslahatchi tashkiloti Temelsu International Engineering Services Inc. kompaniyasi mutaxassislari tomonidan hodisa sabablari yuzasidan tegishli tartibda o‘rganish ishlari boshlangan.

Avvalroq Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani hududidan o‘tgan Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan yo‘l o‘tkazgichning tirgak devori o‘pirilib tushgani hamda mazkur yo‘l qurilishiga mas’ul bo‘lgan 6 kishiga sud hukmi o‘qilgani haqida xabar berilgandi.

bridge constructiondehqonobodbeam collapsem-39 highwayqashqadaryouzbekistaninfrastructure projectconstruction accident