Prezident Administratsiya to'g'risidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi hamda vakolatlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi Senatga yo‘naltirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolatlarini belgilovchi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Majlisda ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashni maqsad qilgan.
Loyihada Administratsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantirilishi, shuningdek, unga Prezident tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Administratsiya Rahbari boshchilik qilishi ko‘zda tutilgan.
Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilishi va faoliyatini tashkil etish tartibi, uning davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalari, shuningdek, Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlarining faoliyat kafolatlari aniq belgilab berilgan.
Bundan tashqari, qonun loyihasi Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan aloqalarini ham ochib beradi.
Qonun loyihasini tayyorlashda xalqaro va xorijiy tajriba o‘rganilgan. Xususan, AQSH, Finlyandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya, Tayvan, Qozog‘iston, Turkmanistonda Prezident administratsiyasi (kanselyariyasi, ofisi)ning huquqiy maqomi alohida qonunlarda belgilangan.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarida hamda mas’ul qo‘mitada atroflicha muhokama qilindi. Muhokamalarga huquqshunos olimlar, soha mutaxassislari va ekspertlar jalb etildi. Ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida kelib tushgan har bir taklif moddama-modda ko‘rib chiqilib, dolzarb va asosli deb topilgan takliflar qonun loyihasida o‘z ifodasini topdi.
Ushbu konstitutsiyaviy qonun loyihasining qabul qilinishi Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda boshqaruv jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokamalar yakuniga ko‘ra, qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

